Erdo‘g‘an hokimiyatga kelgach, Turkiyaning Isroilga bu masaladagi munosabati keskinlashgan bo‘lsa-da, rasmiy Anqaraning tashqi siyosatida xavfsizlik birinchi o‘rinda turadi.
Kun.uz HAMAS-Isroil urushi atrofidagi vaziyatni siyosatshunoslar bilan tahlil qilishda davom etadi. “Geosiyosat” dasturining bu galgi sonida siyosatshunoslar Habibulloxon Azimov va Ravshan G‘oziyev Falastin–Isroil mojarosida Turkiyaning pozitsiyasi haqida so‘z yuritdi.
— Dastlab Turkiya va Falastin munosabatlariga to‘xtalsak.
Ravshan G‘oziyev: — Turkiya va Falastin munosabatlarida tarixiy va diniy omillar ustunlik qiladi. Tarixiy omil – Falastin hududi o‘z vaqtida Usmonli turklar davlatiga kirgani. Usmonlilar imperiyasining oxirgi davrlarida arab millatchiligi kuchayib, hududdagi arablar Britaniya yordamida turklarga qarshi kurash olib boradi. Shuning uchun ayrim turk tarixchilari arablarni turklarga xoinlik qilishda ayblaydi. Turkiyaning birinchi prezidenti Mustafo Kamol Otaturk “Yaqin Sharq turklarga vatan bo‘lmaydi”, deydi. Turkiya dastlabki respublika bo‘lgan paytlarida Yaqin Sharq masalasiga deyarli e’tibor qaratmaydi va faqat G‘arbga yo‘nalgan siyosat olib boradi.
BMT 1947 yilda Falastin va Isroil davlatlari tashkil topishi bo‘yicha rezolyutsiya qabul qiladi, bunga Turkiya qarshi bo‘ladi, ya’ni Isroil davlati tashkil topishiga. Lekin 1948 yilda Isroil davlati tuzilgan bo‘lsa, 1949 yildayoq musulmon davlatlar ichida birinchi bo‘lib Turkiya Isroilni tan oladi. Bu narsa o‘sha davrdagi Sovuq urush oqibatida ikki qutbli dunyo shakllanishi bilan izohlanadi, ya’ni Turkiya G‘arb tarafda bo‘lgan. 1950 yilda Isroil bilan diplomatik aloqalar ham o‘rnatadi. Shundan so‘ng 1952 yil fevralida Turkiya NATOga kiradi.
1956 yildagi Suvaysh inqirozida, ya’ni Misrning Suvaysh kanalini milliylashtirish dasturiga Angliya va Fransiya qarshi chiqadi, shunda ham Turkiya Angliya va Fransiya tarafini oladi. Umuman, Turkiya uzoq yillar Isroil tarafda bo‘lgan deyish mumkin. O‘sha paytda Isroilga qarshi asosiy arab davlatlaridan biri Misr edi. Lekin hozirda Isroilning eng yaqin ittifoqchilardan biri Misr hisoblanadi.
Falastin masalasi faqat HAMAS muammosidan iborat emas. Iordan daryosining G‘arbiy sohiliga isroilliklar ko‘chib kelyapti, Suriyaning Jo‘lan tepaliklari va Quddus masalalari bor. Turkiya Falastinning yagona bir butun davlat bo‘lishini istaydi. HAMAS 2006 yildan markaziy hukumatga bo‘ysunmaydi, G‘azo sektorini alohida idora qiladi. Turkiya 1967 yilgi chegaralanishni tan olib, Isroil va Falastin ikki alohida davlat bo‘lishini qo‘llab-quvvatlaydi.














