O‘zbekiston | 15:22 / 02.11.2023
5845
6 daqiqa o‘qiladi

«Hamkorligimizning yangi davri boshlanmoqda» - O‘zbekiston va Fransiya yetakchilari qo‘shma biznes forumida ishtirok etdi

Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning O‘zbekistonga rasmiy tashrifining ishbilarmonlik dasturi doirasida Samarqand shahrida qo‘shma biznes forumi bo‘lib o‘tdi. Uning ishida ikki davlat rahbarlari ishtirok etdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2022 yil noyabr oyida Fransiyaga rasmiy tashrifi davomida ham ushbu mamlakat ishbilarmon doiralarining yetakchi vakillari bilan uchrashgan. O‘shanda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikni kengaytirish yuzasidan aniq kelishuvlarga erishilgan edi. Bugungi uchrashuv ushbu ochiq va konstruktiv muloqotning davomi bo‘ldi.

Fransiya tomonidan tadbirda tashqi savdo, iqtisodiy jozibadorlik masalalari va xorijdagi fransuz fuqarolarining ishlari bo‘yicha vazir-delegat Oliv Besht, iqtisodiyot, moliya, sanoat va raqamli suverenitet vaziri huzuridagi sanoat masalalari bo‘yicha vazir-delegat Rolan Leskyur, «MEDEF International» biznes uyushmasi bosh direktori Klod Imoven, Fransiya taraqqiyot agentligi bosh direktori Remi Riu qatnashdi.

Bundan tashqari, tadbirda EDF, Voltalia, Total Energies, Orano, Eiffage, Veolia, SUEZ, Lactalis, Semai, Semmaris, Alstom, Airbus Helicopters, ATR, Vicat, Mobilitas, Boehringer Ingelheim, Thales, Aramine, Meridiame, Societe Generale, Natixis kabi yirik kompaniya va banklar rahbarlari ishtirok etdi.

Ko‘hna Samarqanddagi uchrashuvni ochar ekan, davlatimiz rahbari prezident Emmanuel Makronni va Fransiya ishbilarmon elitasi vakillarini samimiy qutladi.

Oliy darajadagi faol muloqotlar tufayli savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikda ijobiy sur’at kuzatilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Yil boshidan o‘zaro savdo hajmi uch barobar, keyingi yillarda qo‘shma korxonalar soni to‘rt barobar ko‘paydi.

To‘g‘ridan to‘g‘ri savdo aloqalari va sanoat kooperatsiyasini yanada mustahkamlash ikki mamlakatning uzoq muddatli manfaatlariga mos ekani qayd etildi.

– Bugun qadrli hamkasbim bilan nihoyatda samarali muzokaralarni o‘tkazdik, hamkorligimizning yangi davri boshlanayotganini alohida ta’kidlashni istardim. Kelgusida o‘zaro munosabatlarimizni strategik sheriklik darajasiga ko‘tarish niyatidamiz, – dedi O‘zbekiston prezidenti.

Davlat rahbari o‘z nutqida yetakchilar kelgusida savdo hajmlarini keskin oshirish, Fransiya kompaniyalarining investitsiyaviy faoliyatini faollashtirish masalalariga har tomonlama ko‘maklashishga kelishib olganlarini qayd etdi.

Bunda qo‘shma loyihalarni moliyalashtirishning yangi mexanizmlari joriy qilinadi, biznes uchun yanada qulay sharoitlar yaratiladi va ishbilarmonlik tashabbuslariga har tomonlama ko‘maklashiladi.

Bugungi kunda energetika, tog‘-kon sanoati, suv ta’minoti, transport, qishloq xo‘jaligi, bank-moliya va boshqa sohalardagi hamkorlikda katta natijalarga erishilmoqda.

Fransiyaning ishbilarmon doiralari bilan samarali va ochiq muloqotni kengaytirish uchun yangi samarali platformalarni yaratishga tayyorlik bildirildi.

Shu ma’noda, mamlakatimiz yetakchisi O‘zbekiston-Fransiya savdo palatasini tashkil etish bo‘yicha forum doirasida erishilgan kelishuvni olqishladi. Bundan tashqari, Toshkent shahrida «Business France» agentligining ofisini ochish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.

Fransiya hukumati, yetakchi kompaniyalari va moliya institutlari O‘zbekistondagi islohotlar dasturini faol qo‘llab-quvvatlashda davom ettirishidan manfaatdorlik bildirildi.

– Bir narsani aniq aytishim mumkin – islohotlarimiz orqaga qaytmas tus oldi. Bizning bosh ustuvor maqsadimiz – kuchli fuqarolik jamiyati institutlari, zamonaviy infratuzilma va qudratli sanoatga ega bo‘lgan demokratik davlatni qurishdir, - dedi davlatimiz rahbari.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston-Fransiya sherikligini kengaytirish bo‘yicha to‘rtta eng ustuvor yo‘nalishni ko‘rsatib o‘tdi va qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Mamlakatimiz «yashil» energetikadek muhim sohada strategik hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekani ta’kidlandi. Bu borada EDF, Voltalia va Total Energies kompaniyalari bilan yirik loyihalar boshlangan.

Kooperatsiyaning yana bir muhim yo‘nalishi sifatida strategik xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash va ilg‘or texnologiyalar asosida sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish qayd etildi. Bu sohada Orano kompaniyasi bilan sheriklikni kengaytirish rejalari borligi ta’kidlandi.

Suv resurslaridan samarali foydalanish va zamonaviy infratuzilmani barpo etish muhim ustuvor yo‘nalish sifatida ko‘rsatib o‘tildi. SUEZ, Eiffage va Veolia kompaniyalari bilan birgalikda yurtimiz suv ta’minoti va isitish tizimlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha katta ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi.

Navbatdagi muhim yo‘nalish sifatida qishloq xo‘jaligida raqobatbardoshlikni oshirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga katta e’tibor qaratildi.

Shu munosabat bilan mamlakatimiz hududlarida zamonaviy agrologistika majmualarini qurish bo‘yicha Fransiya tomonidan bilan faol hamkorlik qilinishi qo‘llab-quvvatlandi.

O‘zbekiston prezidenti biznes forumi ikki mamlakat ishbilarmonlari o‘rtasida amaliy muloqotni jadallashtirish hamda yangi o‘sish nuqtalarini belgilab olishga qaratilgani bilan ayniqsa ahamiyatli ekanini ta’kidladi.

– Yangi O‘zbekistonda ishlash uchun fransiyalik hamkorlarimizga eshiklarimiz doim ochiq ekanini, qanday foydali qo‘shma loyihalaringiz bo‘lsa, amalga oshirishga doim tayyorligimizni ta’kidlamoqchiman, – dedi davlat rahbari so‘zining yakunida.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham biznes forum ishtirokchilariga murojaat qildi. U prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlab, ushbu siyosat tufayli ikki tomonlama investitsiyaviy hamkorlik uchun katta imkoniyatlar ochilganini qayd etdi. O‘zaro manfaatli sheriklikda mavjud ulkan salohiyatni yanada faol ishga solishga chaqirdi, bundan mamlakatlarimiz iqtisodiyotlari va xalqlari manfaat topishiga ishonch bildirdi.  

Biznes forumi yakunida energetika, metallurgiya, suv ta’minoti, qishloq xo‘jaligi, transport va boshqa muhim sohalarda erishilgan kelishuvlar bo‘yicha salmoqli hujjatlar to‘plami imzolandi.

Mavzuga oid