BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissarining Nyu-Yorkdagi bo‘limi rahbari Kreyg Moxiber Isroilning Falastinga uyushtirayotgan qonli hujumlari to‘xtatilmayotgani sababli iste’foga chiqishini e’lon qildi.

Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro ekspert, metodolog va huquqshunos Kreyg Moxiber 1992 yildan buyon BMT tuzilmalarida faoliyat yuritib kelgan.

Amerikalik mutaxassis 28 oktyabr kuni lavozimidan ketishini bildirib, o‘z rahbari – oliy komissar Volker Turkka ochiq xat yozdi.

“Hurmatli Oliy komissar,

Bu – Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissarning Nyu-York bo‘limi direktori sifatida sizga so‘nggi rasmiy murojaatim bo‘ladi.

Men buni butun dunyo, jumladan, ko‘plab hamkasblarimiz uchun juda og‘ir bir paytda yozyapman. Yana bir bor ko‘z o‘ngimizda genotsid sodir bo‘layotganiga guvoh bo‘lyapmiz va biz xizmat qilayotgan tashkilotimiz buni to‘xtatishga ojiz ko‘rinadi. 1980 yillardan beri Falastinda inson huquqlariga rioya etilishini taftish qilib kelganman. 1990 yillarda BMTning inson huquqlari bo‘yicha maslahatchisi sifatida G‘azoda yashaganman. Ungacha va undan keyin ham inson huquqlari bo‘yicha bir nechta missiyalarni amalga oshirgan shaxs sifatida, bu men uchun juda shaxsiy masaladir.

Tutsilar, bosniyalik musulmonlar, yazidiylar va rohinjalarning genotsidlari davrida ham shu tashkilotda ishladim. Bu genotsidlarning hech birida himoyasiz tinch aholiga qarshi sodir etilgan dahshatlarni va ommaviy vahshiyliklarning oldini ololmadik. Zaif qatlamlarni himoya qilolmadik. O‘z vazifalarimizni bajara olmaganimiz ayanchli tarzda ayon bo‘ldi. Aynan shu tarzda falastinliklarga qarshi yillar davomida sodir etilgan ta’qiblar va qotilliklarning ham oldini ololmadik.

Oliy komissar, bizning harakatlarimiz yana muvaffaqiyatsizlikka olib kelyapti.

30 yildan ortiq inson huquqlari tajribasiga ega advokat sifatida genotsid tushunchasi siyosatda ko‘p suiiste’mol qilinishini juda yaxshi bilaman. Lekin Falastinda hozir ommaviy qatliom bo‘layotgani haqida shubha yoki munozaraga o‘rin qolmadi. Bu qirg‘inning asosi etno-millatchilik va mustamlakachilik mafkurasi bilan bog‘liq. Ularni arab bo‘lganliklari uchungina uzoq yillar davomida muntazam ravishda ta’qib va qirg‘in qilib kelishmoqda. Isroil hukumati va harbiy rahbarlari o‘z niyatlarini ochiq aytishdi. G‘azoda turar joylar, maktablar, cherkovlar, masjidlar va tibbiyot markazlariga qasddan hujumlar bo‘lyapti, minglab tinch aholi qirg‘in qilinyapti. G‘arbiy Sohilda va Quddusda esa, uy-joylar tortib olinib, faqat millatiga qarab boshqalarga berilyapti. Isroil armiyasi himoyasida noqonuniy ko‘chmanchilarning zo‘ravonliklari davom etmoqda. Butun Falastinda aparteid hukm surmoqda.