Jahon | 10:43 / 03.11.2023
6097
3 daqiqa o‘qiladi

OAV: Rossiyada amaldorlar urushga yollash holati haqida hisobot berishga majbur bo‘lyapti

«Vajnyye istorii» ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada mintaqaviy hokimiyat organlari Ukrainadagi urushga yollash bilan shug‘ullanyapti. Armiyaga qabul qilishning ustuvor toifalari mahkumlar, qarzdorlar, migrantlar va boshqa zaif guruhlardir.

Foto: RIA Novosti

Rossiya prezidentining Markaziy federal okrugdagi (MFO) vakolatli vakili idorasi mintaqaviy hokimiyat organlaridan migrantlar, bankrotlar, qarzdorlar, ishsizlar va boshqa ijtimoiy zaif guruhlar vakillarini harbiy shartnomalar uchun jalb qilishni talab qilyapti. Shu bilan birga, viloyat mutasaddilari ushbu ish natijalari to‘g‘risida har hafta hisobot berishi kerak, deb xabar berdi «Vajnyye istorii» nashri 2 noyabr, payshanba kuni o‘z ixtiyoridagi hujjatlarga - tegishli ko‘rsatmalarga ega xat va birinchi navbatda urushga yuborilishi kerak bo‘lgan aholining 22 toifasi ko‘rsatilgan maxsus blankaga tayanib.

2023 yil 3 oktyabrdagi xatda Rossiya prezidentining MFOdagi vakolatli vakili Igor Shchegolev «davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga fuqarolarni belgilangan shaklda RF Qurolli kuchlari  bilan shartnomalar tuzishga jalb qilish bo‘yicha ishi to‘g‘risida har hafta ma’lumot berishni ta’minlash»ni buyurgani ko‘rsatilgan. Xatga ilova qilingan jadvalda mansabdor shaxslar shartnoma tuzish bo‘yicha uchrashganlar sonini, har bir tuman, okrug va shahar bo‘yicha Ukrainaga qarshi urushga kirishishga rozi bo‘lganlar sonini kiritishi kerak. Bundan tashqari, jadvalda qabul qilish rejasi va ushbu rejaning necha foizi bajarilgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi kerak.

Yollanishi kerak bo‘lgan fuqarolar toifalari orasida zaxiradagi rossiyaliklar, shu jumladan 2022 va 2023 yillarda demobilizatsiya qilinganlar, harbiy xizmatni o‘tayotgan va harbiy xizmatga chaqirilishi kerak bo‘lganlar, shuningdek, kichik yoki o‘rtacha og‘irlikdagi jinoyatlarni sodir etgan shaxslar bor. Bundan tashqari, axloq tuzatish muassasalarida saqlanayotgan mahkumlar, bankrot va katta miqdorda qarzi bo‘lganlar, ishsizlar, fuqarolikka ariza bergan yoki chiqarib yuborilishi lozim bo‘lgan xorijliklarni yollash taklif etilmoqda.

Huquq himoyachisi urushga ketishga tayyor odamlarning kamligi haqida

«Grajdanin. Armiya. Pravo» jamoat harakati rahbari Sergey Krivenko fikricha, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari vakillarini yollash Mudofaa vazirligida urushga borishni xohlovchilar yetishmayotgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. «Shuning uchun ijro hokimiyatiga ushbu ishga qo‘shilish va uni kam ta’minlangan qatlamlar: migrantlar, qarzdorlar, ya’ni qandaydir tarzda bosim o‘tkazish mumkin bo‘lganlar orasida maqsadli ravishda o‘tkazish bo‘yicha qat’iy topshiriq berilgan», - deb hisoblaydi Krivenko.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shartnoma imzolash ixtiyoriy deb hisoblansa-da, «ko‘ndirish yoki ba’zi shartlarni qo‘yish yoxud odam hayotini chidab bo‘lmas holga keltirish mumkinligi hammaga ma’lum». Xususan, huquq himoyachisi migratsiya qonunchiligidagi kamchiliklar tufayli Rossiya fuqaroligini olishni xohlovchilarga bosim o‘tkazish imkoniyatini ta’kidladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid