Italiya bosh vaziri Jorjiya Meloni kremlparast prankerlarning hiylasiga «laqqa tushib» ular bilan telefonda gaplashdi. Meloni suhbat davomida Yevropada ko‘pchilik Ukrainadan charchagani haqida gapirgan. Melonining ruslar «qopqoniga tushgani» muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
«Afrikalik siyosatchi» niqobidagi ruslar
Kremlparast prankerlar Vovan (Vladimir Kuznetsov) va Leksus (Aleksey Stolyarov) o‘zlarini afrikalik siyosatchilar deb tanishtirib, Italiya bosh vaziri Jorjiya Meloni bilan muloqot qilib, ingliz tilidagi suhbat audiosini tarqatib yubordi.
13 daqiqalik suhbat prankerlarning sahifasida 1 noyabr kuni e’lon qilingan. Suhbat davomida Italiya va Yevropadagi migratsion inqiroz, g‘alla bitimi va Rossiyaning Ukrainaga bosqini muhokama qilingan.
Soxta siyosatchilardan biri suhbat davomida Melonidan Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi mojaro haqida qanday fikrda ekanini so‘ragan.
«Bilasizmi, ko‘pchilik Ukrainadan charchadi. To‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, biz hamma bu vaziyatdan chiqish kerakligini anglaydigan holatga yaqinlashyapmiz. Ikki tomonga ham manfaatli, o‘z navbatida xalqaro huquqqa zid bo‘lmagan tarzda vaziyatdan chiqish kerak. Bu borada o‘z fikrlarim bor, vaqti kelganda ularni bildiraman», degan Italiya bosh vaziri.
Suhbatdoshlar Melonidan Ukraina muvaffaqiyatga erishgani yoki yo‘qligi haqida so‘rashgan.
«Ukraina barchamiz bahorda kutganimiz kabi muvaffaqiyatli bo‘lib chiqmadi. Ukraina qarshi hujumi, aftidan, kutilganidek ketmayapti. U davom etmoqda, lekin mojaro taqdirini o‘zgartiradigan darajada emas. Agar biz chiqish yo‘lini topmasak, mojaro uzoqqa cho‘zilishi mumkin», degan Italiya yetakchisi.
Italiya bosh vazirining gaplari tezda nafaqat rus nashrlarida, Italiya gazetalarida ham tarqaldi. Mamlakatning yetakchi nashrlaridan biri Corriera della Sera'ning yozishicha, bu suhbatda noodatiy hech narsa yo‘q va Meloni shundog‘am avval aytgan pozitsiyasini takrorlagan. Jorjiya Meloni boshqaradigan «Italiya birodarlari» partiyasining deputatlar palatasidagi yetakchisi Tomazzo Foti ham bosh vazir hech qanaqa tuzoqqa tushmagani, rossiyaliklar bilan suhbatda keyinchalik noqulay ahvolda qoladigan hech nima demaganini aytgan. Uning fikricha, Meloni xonim shunchaki o‘z pozitsiyasini takrorlagan.

















