Beeline Uzbekistan Qashqadaryo viloyatidagi tarmog‘ini yangiladi: modernizatsiya 157 ta mavjud baza stansiyalariga ta’sir ko‘rsatdi. Bu LTE tarmog‘ining qamrovini sezilarli darajada kengaytirish imkonini berdi. Tarmoqni takomillashtirish ishlari 3,5 million aholi istiqomat qiluvchi hududni qamrab oldi.
Qashqadaryo viloyatining barcha shaharlari, tuman markazlari va yirik aholi punktlarida to‘rtinchi avlod tarmog‘ining hajmi hamda qamrov hududi sezilarli darajada kengaytirildi. Yangilanish viloyatning barcha tumanlari, jumladan, yirik shaharlar: viloyat markazi Qarshi, Beshkent, G‘uzor, Qamashi, Koson, Kitob, Muborak, Chiroqchi, Shahrisabz, Yakkabog‘ shaharlariga ham tegishli.
70 dan ortiq aholi punktlari, jumladan chekka qishloqlar ilk bor 4G tarmog‘i bilan ta’minlandi:
- Kitob tumanining Qushchi, Bodomzor, Jovuz, Matmon, Ayoqchi aholi punktlari;
- Shahrisabz tumanining Duoba, Qoratut, Almat, Xummon aholi punktlari;
- Yakkabog‘ tumanining Chuyanli, Chubron, Turon aholi punktlari;
- Dehqonobod tumanining Chukun, Kattaqishloq, Beshqutan, Beshbuloq, Duob, Chalamozor, Avjun, Beliboyli aholi punktlari;
- Chiroqchi tumanining Langar, Tarag‘ay, Quruqsoy, Garovli, Sarson aholi punktlari.
Endi hududlarda istiqomat qiluvchi aholi nafaqat HD sifatdagi filmlarni tomosha qilish va onlayn musiqa tinglash, balki barcha davlat va fintex raqamli xizmatlardan to‘liq foydalanish, shuningdek, elektron pochta va messenjerlar orqali katta hajmdagi fayllarni uzatishlari mumkin.
Bundan tashqari, Kasbi tumani Tolishbe qishlog‘ida ilk bor yangi baza stansiyasi ishga tushirildi.
Yuqori sifatli aloqa va yuqori tezlikdagi internet bir necha yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ustuvor vazifadir. Ma’lumot uzatish tezligini oshirish uchun transport tarmog‘ining sig‘imini kengaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 71 ta mavjud va 5 ta yangi RRL oraliqlari modernizatsiya qilindi, shuningdek, Qarshi-Shahrisabz magistral optik tolali aloqa liniyasining o‘tkazish hajmi 2 barobarga oshirildi.
Joriy yilda amalga oshirilgan modernizatsiya ishlari natijasida Qashqadaryo viloyatida LTE tarmog‘ining qamrov hududi 75 foizni tashkil etgan, shu munosabat bilan yanvar-oktyabr oylarida ushbu hududda foydalanuvchilar tomonidan 4G tarmog‘ida ma’lumotlar iste’mol qilish hajmi 50 foizga oshdi.















