Jahon | 11:35 / 07.11.2023
4941
2 daqiqa o‘qiladi

UQK Rossiya zarbasi oqibatida 19 nafar harbiy halok bo‘lganini tasdiqladi

Ijtimoiy tarmoqlarda avvalroq xabar qilinganidek, Ukrainadagi tantanali tadbirda 19 nafar harbiy xizmatchi Rossiya raketa zarbasi oqibatida halok bo‘ldi. Bu ma’lumotni 128-ATHB vakillari tasdiqladi.

Foto: Picture Alliance

Ukrainadagi taqdirlash marosimida 19 nafar askarning Rossiya raketa zarbasi oqibatida halok bo‘lganini 128-Karpatorti alohida tog‘li hujumkor brigadasi vakillari tasdiqladi. Bu haqda ular 6 noyabr, dushanba kuni o‘zining Facebook akkauntida ma’lum qildi.

«Eng yaxshi askarlarimiz halok bo‘ldi... Biz ularning oila a’zolariga hamdardlik bildiramiz va birodarlarimiz uchun 100 barobar qasos olishga va’da beramiz», — deyiladi brigadaning ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan bayonotida. 

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy fojianing oldini olish mumkin bo‘lganini aytdi. Prezident hozirda tergov harakatlari olib borilayotganini, bu fojia qanday sodir bo‘lgani va kimning aybi bilan yuz bergani bo‘yicha jamiyat va askarlarning yaqinlari haqqoniy javob olishi kerakligini ta’kidladi. 

Brigada komandiri taqdirlashga kechikib borgan 

128-brigada komandiri Dmitriy Lisyuk Raketa qo‘shinlari va artilleriya kunidagi tadbirga kechikib kelgan, bu uning hayotini saqlab qoldi. U voqea joyiga hodisa sodir bo‘lganidan 2 daqiqa o‘tib yetib kelgan. Bu haqda Ukrainaning hromadske nashriga 128-brigadadagi manba ma’lum qildi. 

Manba, shuningdek, raketa zarbasi Rossiya uchuvchisiz uchog‘i tomonidan muvofiqlashtirilganini aytdi. Talafotlar sezilarli darajada ko‘p bo‘lishi mumkin edi, ammo raketa harbiy xizmatchilar tarkibiga emas, balki uning orqasidagi binoga tegdi. 

Zaporijjya viloyatiga «Iskander» zarbasi

Ukraina harbiylariga ko‘ra, 3 noyabr kuni Rossiya Qurolli kuchlari Zaporijjya viloyatidagi frontga yaqin qishloqda 128-brigada shaxsiy tarkibiga «Iskandar-M» raketasidan zarba bergan. Natijada harbiy xizmatchilar halok bo‘ldi, hodisa joyida tinch aholi turli tan jarohatlari oldi. 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid