2023 yil 7 oktyabrda HAMAS guruhining Isroilga qurolli hujumidan so‘ng Isroil G‘azo sektorida guruhga qarshi javob qaytarmoqda va quruqlikdagi operatsiya o‘tkazmoqda. Shu fonda G‘azodagi tinch aholining ahvoli sezilarli darajada yomonlashdi. BMTning falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi rahbari Filipp Lazzarini G‘azo sektoridagi gumanitar vaziyatni «halokatli» deb ta’rifladi. Dori, oziq-ovqat, suv va yonilg‘i tanqis bo‘lib bormoqda va minglab odamlar BMT agentligi lagerlari va yordam tarqatish markazlariga yo‘l olmoqda.

Xalqaro tashkilotlarga ko‘ra, G‘azo sektoridagi aholi zudlik bilan yordam ko‘rsatilishiga muhtoj, biroq yordam juda kam hajmda taqdim etilmoqda. Germaniya Qizil Xoch jamiyatining xalqaro hamkorlik bo‘limi rahbari Kristof Yonenga ko‘ra, yordam ko‘rsatish bo‘yicha yangi xodimlar G‘azo sektoriga kira olmayapti: «Ayni paytda ko‘pchilik falastinliklar ko‘ngilli sifatida ko‘mak bermoqda va buni katta xavf sharoitida amalga oshirmoqda», dedi u DW'ga intervyuda.

G‘azo deyarli to‘liq blokadada qolgani sababli, u yerdan kelayotgan ma’lumotlarni tekshirishning imkoni yo‘q. Shuning uchun G‘azo sektoridagi vaziyat haqida xabar berish uchun asosan gumanitar tashkilotlar ma’lumotlariga tayanish mumkin.

G‘azoga gumanitar yuklar qanday yetib boryapti?

Xalqaro gumanitar yordam dastlab Misrga yetkazilyapti, u yerdan Rafah chegara punktiga olib borilyapti. Keyin u G‘azo tomonidagi boshqa yuk mashinalariga qayta yuklanmoqda va belgilangan manzillarga yetkazilmoqda, u yerda BMT shafeligidagi gumanitar tashkilotlar, Qizil Xoch va boshqa xayriya idoralari tomonidan qabul qilinyapti hamda mahalliy kasalxonalar va BMT agentliklariga tarqatilyapti.

Yuklarni quruqlik orqali yetkazib berish G‘azo sektoridagi yo‘llarning qisman vayron bo‘lgani yoki yo‘l bo‘ylab binolar vayronalari mavjudligi bilan murakkablashmoqda. Yonenning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya Qizil Xoch va Falastin Qizil Yarim Oy jamiyatidan G‘azo shimoliga yordam yetkazish keng ko‘lamli vayronagarchiliklar tufayli imkonsiz bo‘lib qolgan.

Bundan tashqari, Isroil gumanitar yordam HAMAS qo‘liga tushmasligiga kafolat talab qilmoqda. Isroil, ayniqsa, HAMAS harbiy maqsadlarda foydalanishi mumkin bo‘lgan yonilg‘idan xavotirda. So‘nggi o‘n kun ichida Isroil Misrdan oziq-ovqat va dori-darmon olib kelayotgan 200 dan ortiq yuk mashinasini G‘azoga kiritishga ruxsat berdi. Gumanitar yukka yonilg‘i qo‘shilmagan. Bir qator gumanitar tashkilotlarning fikricha, olingan yordam hali ham yetarli emas. YUNISEF vakili Tobi Frikerning aytishicha, G‘azo sektoridagi ikki milliondan ortiq aholini ta’minlash uchun har kuni kamida 100 ta yuk mashinasida yordam yetkazib berilishi kerak.