So‘nggi uch kun davomida Osiyo Chempionlar ligasi 4-turi doirasidagi bahslar o‘tkazilib, bir qator e’tiborli voqealar yuz berdi. Dushanba kuni «Ozodi» stadioni 6 soat ichida dastlab o‘zbek klubining tarixiy g‘alabasini tan olgan bo‘lsa, tunda Tehron qanchalik «qo‘rqinchli» ekani guvohiga aylandik – OKMK 0:9 hisobidagi antirekord qayd etdi. Krishtianu esa Osiyoda maydonga tushmay ham rekordga sabab bo‘lmoqda. Tribuna.uz tur yakunlariga ko‘ra, e’tiborga molik voqealarni saraladi.
OKMK OChLda antirekord qayd etdi
Osiyo Chempionlar ligasi 4-turi o‘zbek futboli uchun salbiy va ijobiy jihatdan tarixiy ahamiyat kasb etdi. 6 noyabr, dushanba oqshomi – OKMK futbol klubi tarixidagi qora kun sifatida qoladigan bo‘ldi. Mirjalol Qosimov murabbiyligidagi Olmaliq klubi Erondagi o‘yin oldi sarsongarlikdan so‘ng, maydonda sharmandali natijaga sabab bo‘ldi. Isfaxon shahrida o‘tishi kerak bo‘lgan bahs, OFK qaroriga ko‘ra o‘yindan ikki kun oldin Tehronda bo‘lib o‘tishi ma’lum qilingach, olmaliqliklar Eron poytaxtiga uzoq parvozlar orqali yetib kelishdi.
OKMK jamoasini «Ozodi»da ham dahshatli voqealar kutayotgandi. Eron chempionatida 8-o‘rinda borayotgan «Sipohon»ga qarshi Qosimov shogirdlari faqat bir bo‘lim qarshilik ko‘rsata olishdi va tanaffusga minimal hisobdagi mag‘lubiyat bilan chiqishdi. Ikkinchi bo‘limda esa forslar maydonda xohlaganini qilishdi. Ustiga-ustak Akromjon Komilovning chetlatilishidan keyin OKMK sha’ni batamom toptaldi. Eronliklar Botirali Ergashev darvozasiga naq 9ta gol kiritib, turnir tarixidagi eng yirik g‘alabasiga erishdi.

Shu bilan birga OKMKning 0:9 hisobidagi mag‘lubiyati OChL tarixida «G‘arb» mintaqasi uchun eng yirik hisobli mag‘lubiyat sifatida antirekordga aylandi.
«Navbahor» Eronda tarixiy g‘alabaga erishdi
Olmaliq klubi Osiyoda o‘zbek futboli tarixidagi sharmandali natijani qayd etishidan ikki soat avval esa «Navbahor» xuddi shu o‘yingoh – «Ozodi»da tarixiy g‘alabaga erishdi. «Nassaji Mozandaron» klubi mehmoni bo‘lgan Namangan klubi Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichi tarixida safardagi ilk g‘alabasini aynan Tehronda qo‘lga kiritdi.

Igor Golban va Oston O‘runovning dubli evaziga Samvel Babayan shogirdlari muhim va tarixiy natija (3:1) qayd etib, keyingi bosqichga chiqish imkoniyatini yaxshiladi. Namangan klubi o‘z guruhida 10 ochko to‘plab, «Al-Hilol» bilan qo‘shhokimlik qilmoqda.














