1996 yil Florensiyada O‘zbekiston va YeI o‘rtasida sheriklik va hamkorlik bitimi imzolanganida, Italiya vositachi rolini bajargan. Bu davlat doim, xususan Yevropa bilan munosabatlar turg‘unlashib qolgan paytlarda ham o‘zining konservativ qarashlari bilan O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlagan, deydi siyosiy tahlilchi Sherzod Ziyayev.

9-11 noyabr kunlari Italiya prezidenti Serjo Mattarella O‘zbekistonda bo‘lib turibdi. Siyosiy tahlilchi Sherzod Ziyayev ikki davlat munosabatlarining bugungi holati haqida ma’lumot berdi.

So‘nggi vaqtlarda Yevropa davlatlari va MO davlatlari o‘rtasida tashriflar ko‘payib qoldi. Oldin Fransiya prezidenti keldi, endi Italiya prezidenti. Umuman, Italiya va O‘zbekiston munosabatlarining tarixi, hozirgi kundagi rivojlanish va munosabatlar tendensiyasiga to‘xtalib o‘tsak.

— O‘zbekiston va Italiya munosabatlari ikki tomonlama va turli doiralarda amalga oshirilmoqda. Bu munosabatlar ancha sermazmun xarakterga ega. Hatto strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan. Bungacha ham bir qancha yo‘nalishlarda hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. O‘zbekiston Italiyaning Markaziy Osiyodagi eng ishonchli sherigi deb qaraladi. Shuningdek, Italiya ham O‘zbekiston uchun Yevropadagi ishonchli sheriklardan biri. Bizning YeI bilan munosabatlarimizda Italiya muhim rol o‘ynagan. 1996 yilda Florensiyada YeI bilan sheriklik va hamkorlik bitimi imzolangan, Italiya bunga ijobiy qaragan. G‘arbiy Yevropa davlatlari ichida ko‘proq Italiyadan O‘zbekistonga rasmiy tashriflar ko‘p bo‘lgan.

Bu ikki davlat munosabatlari ikki va ko‘p tomonlama xarakterga ega ekanini unutmaslik kerak. Yaqin Sharqdagi vaziyatlar, boshqa savdo-iqtisodiy masalalar YeIdagi Germaniya, Fransiya, Italiya kabi davlatlarning mustaqil qaror qabul qilishini taqozo etmoqda. Italiya ham Ukraina urushi sababli yaxshigina zarar ko‘ryapti boshqalar qatori. Shuning uchun O‘zbekistonga yanada ko‘proq intilish bor.

O‘zbekiston va Italiya munosabatlari manfaatlari o‘zagida nima yotadi?

— Birinchi navbatda siyosiy muloqot. O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalarda aniq hamkorlik yo‘nalishlari mavjud. Og‘ir sanoat, metallurgiya, to‘qimachilik, eksportni qo‘llab-quvvatlash, investitsiyalar, texnologik hamkorlik kabilar. Madaniy meroslarni saqlash bo‘yicha ham alohida kelishuvlar mavjud. Turizm, oliy ta’lim sohalarida hamkorlik bor. Umuman, bularning ko‘lami ortib boryapti va uzoq muddatli manfaatlarga ega.