Jahon | 09:40 / 11.11.2023
6548
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada ikki OAV, siyosatchi va jurnalistga «chet el agenti» maqomi berildi

«Kedr.media» portali, talabalarning «Groza» jurnali, siyosatchi Aleksey Malov va jurnalist Sergey Shelin Rossiyada «chet el agentlari» deb e’lon qilindi. 

Foto: Alexander Scherbak/TASS/picture alliance

Atrof-muhit masalalariga ixtisoslashgan «Kedr.media» internet nashri, shuningdek, yoshlar siyosati va oliy ta’lim muammolari haqida yozuvchi «Groza» talabalar jurnali 10 noyabr, juma kuni Rossiya Adliya vazirligi tomonidan «chet el agentlari» reyestriga kiritildi. Bundan tashqari, ushbu maqom Sergey Koldobskiy taxallusi ostida ishlaydigan jurnalist Sergey Shelin, pskovlik tarixchi va siyosatchi Aleksey Malovga berilgan.

«Kedr.media» tushuntirishicha, Adliya vazirligi nashr «chet el agentlarining axborot materiallarini cheklanmagan doiraga tarqatishda, shuningdek, Rossiya davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan qabul qilingan qarorlar haqidagi yolg‘on ma’lumotlarni tarqatishda ishtirok etgan», deb hisoblaydi.

Rossiyada ekologik tashkilotlar uchun cheklovlar

Rossiyada atrof-muhitni muhofaza qiluvchi tashkilotlar muntazam ravishda xorijiy agentlar reyestriga kiritiladi va nomaqbul deb tan olinadi, deya ta’kidlaydi jurnalistlar. Mart oyi boshida Rossiya Adliya vazirligi «Butunjahon tabiatni muhofaza qilish fondi»ni (WWF) «chet el agentlari» reyestriga kiritdi va u «tabiatni muhofaza qilish faoliyati niqobi ostida Rossiya hokimiyat organlarining qarorlariga ta’sir qilish» va «sanoat loyihalarini rivojlantirishga to‘sqinlik qilish bilan shug‘ullangani»ni ma’lum qildi.

2023 yil aprel oyida Rossiya Bosh prokuraturasi Norvegiyaning «Bellona» ekologik jamg‘armasini, may oyida - Greenpeace va iyun oyida - World Wide Fund for Nature (WWF) xalqaro nohukumat tashkilotini nomaqbul tashkilot deb e’lon qildi. Shundan so‘ng, Rossiya Butunjahon tabiatni muhofaza qilish jamg‘armasi milliy tashkiloti (ilgari: «WWF Rossiya») Shveytsariyada joylashgan World Wide Fund for Nature (World Wildlife Fund, yoki WWF) bilan munosabatlarini to‘xtatdi, shuningdek, «Panda» logotipi va WWF qisqartmasidan foydalanish bo‘yicha kelishuvni bekor qildi.

2023 yil iyul oyida Rossiyada nomaqbul tashkilot maqomi tabiatni muhofaza qilish va Oltoyning tub aholisini qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanadigan The Altai Project Amerika nodavlat tashkilotiga berildi. 

Jurnalist Sergey Shelin va siyosatchi Aleksey Malov haqida 

Sergey Shelin - siyosiy sharhlovchi, Sankt-Peterburgdagi «Baltinfo» axborot agentligi bilan uzoq vaqt hamkorlik qiladi. 2015 yilda ushbu agentlik Rossiyada «chet el agenti» maqomini oldi, shundan so‘ng u yopildi. Mustaqil matbuotga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga kirishi boshlanganidan keyin Sergey Shelin Finlandiyaga ko‘chib o‘tgan. 

Aleksey Malov - Rossiya Federatsiyasi Kommunistik partiyasi a’zosi, Pskov viloyati Gdovskiy tumanining sobiq munitsipal deputati.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid