Ukrainada urushning 626-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:

  • Volodimir Zelenskiy Xerson ozod etilganiga bir yil to‘lgani munosabati bilan videomurojaat yo‘lladi. «Rossiya buni qancha takrorlamasin, hech qachon butunlayga kelmaydi», — deya qayd etdi Ukraina prezidenti.
  • Rossiya armiyasi Kiyev bo‘ylab raketa zarbasi yo‘lladi. Mahalliy rasmiylar va Ukraina QK raketa shaharga kiraverishda urib tushirilganini ma’lum qilgan.
  • Bundan tashqari, RF harbiylari Ukraina hududi bo‘ylab 31 ta kamikadze-dronlarni uchirgan. Ukraina qurolli kuchlari 19 ta dron urib tushirilganini bildirgan.
  • Ryazan oblastida «begona shaxslar ta’sirida» yuk poyezdining 19 vagoni relsdan chiqib ketdi. Tergov qo‘mitasi terakt haqida jinoiy ish qo‘zg‘atgan.

Kun kadri. Ryazan oblastida temiryo‘lda avariya 

11 noyabr tongida Ryazan oblastidagi «Ribnoye – Blokpost 204-km» peregonida (ikki qo‘shni stansiya orasidagi masofa) qo‘lbola portlovchi qurilma ishga tushgan va yuk poyezdining 19 vagoni relsdan chiqib ketgan. Moskva temiryo‘llari (MJD) ma’lumotiga ko‘ra, mashinist yordamchisi yengil tan jarohati olgan. Hodisa temiryo‘l transporti faoliyatiga «begona shaxslar aralashuvi» tufayli ro‘y bergani, bu poyezdlar harakatiga ta’sir ko‘rsatmagani qo‘shimcha qilingan.

Ribnoye — Blokpost 204 km peregonida temiryo‘l avariyasi oqibatlarini bartaraf etayotgan ishchilar
Foto: Rossiya temiryo‘llari

Kiyev o‘qqa tutilishi

Rossiya qo‘shini 11 noyabr tongida Kiyev bo‘ylab zarbalar yo‘lladi. Havo hujumidan mudofaa kuchlari shahar ustiga kelayotgan raketani urib tushirgan, ammo Kiyev oblasti hududida ikki raketa aholi yashash manzillari o‘rtasidagi hududga tushib, bir necha turar joyni shikastlagan. Qurbonlar va yaralanganlar yo‘q.

Bu qariyb ikki oylik tanaffusdan keyin Ukraina poytaxtiga ilk bor raketa uchib kelishi bo‘ldi.

Volodimir Zelenskiy bu hujumni Xerson ozod etilganining bir yilligiga bog‘ladi. «Rossiya Xerson va ozod etilgan boshqa shaharlarimiz uchun yil davomida qasos oldi: har kuni o‘qqa tutdi, bombalar, artilleriya, raketalar bilan. Faqat kechagi kunning o‘zidan [10 noyabr] bugun tonggacha [11 noyabr] qariyb 40 dron va raketalar, Kiyevga qarshi ballistika, Odessa va Xarkiv oblastlariga qarshi dronlar va raketalar. Dushman ongli ravishda mazax qilmoqda», — deya qayd etgan prezident o‘z murojaatida.