«Avvalo, o‘z hayotini el-yurt salomatligini asrashdek olijanob ishga bag‘ishlab kelayotgan siz, azizlarni qutlug‘ kasb bayramingiz – Tibbiyot xodimlari kuni bilan samimiy muborakbod etaman», deyiladi tabrik so‘zining boshida.

Prezident «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi doirasida tibbiyot sohasida ham ulkan o‘zgarishlarni amalga oshirish reja qilingani, jumladan, aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligini 78 yoshga yetkazish, buning uchun tibbiyotga yo‘naltiriladigan mablag‘lar hajmini 2 barobar oshirish, onkologiya, yurak-qon tomir, diabet va nafas yo‘llari kasalliklari bo‘yicha erta o‘limni 2,5 barobar kamaytirish, O‘zbekistonni sil xastaligidan xoli mamlakatga aylantirish ustuvor vazifa ekanini ta’kidladi.

Shu bilan birga, aholi o‘rtasida mustahkam salomatlik garovi bo‘lgan sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilishini aytdi.

«O‘z qasamyodiga, kasbi va burchiga sadoqat bilan mehnat qilayotgan, Abu Ali ibn Sinodek buyuk ajdodlarimiz an’analarining davomchilari bo‘lgan siz, azizlar bundan buyon ham shu ezgu yo‘lda bor bilim va tajribangizni safarbar etasiz, deb ishonaman. Sizlarni Tibbiyot xodimlari kuni bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, g‘oyat sharafli va mas’uliyatli faoliyatingizda sihat-salomatlik, yutuq va omadlar, oilaviy baxt-saodat tilayman», deyiladi tabrik so‘zi yakunida.