Ekstremal vaziyatlar, hayajon va qo‘rquvga soluvchi lahzalar... Tog‘ cho‘qqilarini zabt etishga urinayotgan odamlarni odatda Hollywood filmlari orqali ko‘ramiz. Shu bois ham alpinist deganda tasavvurimizga ajnabiy odamlar keladi. O‘zbekistonda ham alpinistlar borligi, ular ham dunyoning mashhur cho‘qqilarini allaqachon zabt etayotganini hamma ham bilavermasa kerak. Ushbu ko‘rsatuvda "cho‘qqilar ovchisi"ga aylangan hamyurtlarimiz haqida bilib olasiz.

«Sirli O‘zbekiston» jamoasi ancha yillardan beri tog‘ turizmi bilan shug‘ullanadi. Shu yil sentabrning o‘rtalarida jamoa a’zolari Sharof Egamberdiyev va Shuhrat Odilov Osiyo qit’asidagi eng baland – Eron shimolida joylashgan Damovand vulqon cho‘qqisini zabt etishdi. Dengiz sathidan 5 ming 610 metr balandlikda O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘tarishdi.

Ular Kun.uzʼga bergan intervyusida bundan avval boshqa mintaqalarda joylashgan eng baland tog‘ nuqtalarida bo‘lgani, bu jarayonda qanday voqealarga duch kelgani, xavfli vaziyatlardan qanday qilib chiqib ketishgani haqida batafsil gapirib berdi.

Sharof Egamberdiyev: Biologiya fanlari doktoriman, molekulyar genetika bilan shug‘ullanganman. Doktorlik dissertatsiyamni himoya qilib, fanlar nomzodi unvonini olgach dam olishga Himolay tog‘iga ketganman. Tog‘dagi 12 kunlik sayohat davomida ko‘plab odamlar bilan tanishdim, ular bilan gaplashib, tog‘larda bo‘lganimdan keyin dunyoqarashim o‘zgardi. Keyin kelib bo‘shash haqida arizamni yozdim va o‘sha vaqtdan hozirgacha tog‘ turizmi bilan shug‘ullanib kelyapman. Bu ishni 10 yildan beri qilib kelaman.

O‘zi tabiatga, tog‘ga chiqishga qiziqardim. Boshlanishida havaskor sifatida cho‘qqilarga chiqqanman, shu vaqt davomida adashib, alpinistlar seksiyasiga tushib qolganman. O‘shanda bir narsani tushunib yetdim – cho‘qqilarga chiqib, tog‘larni zabt etmoqchi, yangi ekspeditsiyalarga bormoqchi bo‘lsangiz alpinist bo‘lish shart emas. Alpinistlik bilan shug‘ullanadigan odamlarni 2 kategoriyaga bo‘lish mumkin: mashhur toifadagi alpinistlar va shu ishning ortidan yaxshi pul topadiganlar.

Birinchisi haqida gapirsak, chet elda juda katta sport brendlari bor. Mashhur toifadagi alpinistlarni mana shu brendlar ambassadori, ya’ni elchisi desak bo‘ladi. Bu atletlarning qiladigan ishini ko‘rangiz, havasingiz keladi. Chunki ular hech kim bormagan dunyodagi eng baland cho‘qqilarni zabt etishadi. Janubiy Amerikadagi yoki Antarktidadagi vertikal devorlarga chiqishadi, National Geographic, Discovery telekanallari bilan birgalikda ko‘rsatuvlar chiqarishadi.