Urushga qadar 30 mingga yaqin kishi yashagan ushbu kichik sanoat shahri bo‘lgan Avdiyivkaning qanotlariga Rossiya armiyasining hujumi 10 oktyabr kuni boshlangandi.

Ukraina tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning qariyb 40 ming kishidan iborat qo‘shini bir vaqtning o‘zida shimol va janubdagi qanotlarga bosim qilib, shahar ta’minot yo‘llarini kesib qo‘yishga harakat qilmoqda.

Avdiyivka — Donetsk chekkasidagi shahar bo‘lib, harbiy harakatlarning 9 yili davomida Ukraina tomoni bu yerda kuchli mudofaa chizig‘ini tashkil etgan. Rossiya armiyasi uni bir hamlada egallay olmagach, o‘tgan oyda shaharni aviatsiya zarbalari orqali vayron qilib, keyin piyodalar bilan shturm qilishga o‘tdi.

Ukraina qo‘mondonligi Rossiya armiyasi shturmning ilk haftasida katta yo‘qotishlarga uchraganini ma’lum qildi. Avdiyivka shahri harbiy ma’muriyati rahbari Vitaliy Barabash oktyabr oyi oxiriga kelib bu miqdor 6,5 ming kishi atrofida ekanini aytdi. Shturm boshlanganiga bir oy to‘lganida, 10 noyabr kuni Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy Rossiya armiyasi bu yerda 10 ming kishidan ayrilgani, shuningdek, bir oy davomida ukrain harbiylari rossiyaliklarning 100 dan ortiq tankini, boshqa turdagi 250 ta zirhli mashinalari, 50 ta artilleriya qurilmasini yo‘q qilgani haqida xabar berdi. Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi ham noyabr oyi boshida Rossiyaning ushbu shahar uchun janglardagi yo‘qotishlari minglab ekani, 200 dan ortiq zirhli texnikalarini yo‘qotgani haqida ma’lum qilgandi. Ammo bu yo‘qotishlar Kremlni shaharni egallash rejasidan voz kechishga unday olmayapti.

Ukraina RF qo‘shini Avdiyivka atrofida katta yo‘qotishga uchraganini aytmoqda. Bu haqda nimalar ma’lum?

Avdiyivkadagi hozirgi vaziyat qanday?

Noyabr oyi boshigacha Rossiya armiyasi ikkita hujum to‘lqinini amalga oshirdi. Rossiyalik harbiylar Avdiyivkadan shimolda bir necha kilometrga ilgarilab, mahalliy koks kimyo zavodiga yaqinlashdi, shuningdek janubda — Vodyanedan Tonenke posyolkasi tomon harakatlangan.

Asosiy maqsad — Ukraina qurolli kuchlari ta’minot yo‘lini Orlovka, Semenovka va Berdichi posyolkalari hududida kesib qo‘yishdir.

Ukraina QK Bosh shtabi xabariga ko‘ra, 7 noyabr kunining o‘zida Avdiyivka atrofida raqibning 14 hujumi qaytarilgan.

Vitaliy Barabashning qayd etishicha, so‘nggi kunlarda ob-havo noqulayligi tufayli Rossiya qo‘shini o‘z faolligini bir necha bor pasaytirishga majbur bo‘lgan — tuproq yomg‘irlardan balchiqqa aylangan va bu zirhli texnikalar harakatiga xalal bermoqda. Ammo rossiyaliklar bu vaqtdan qayta guruhlanish va navbatdagi, uchinchi shturmga tayyorlanish uchun foydalanmoqda.