Oksana 49 yoshda. U urushning eng dahshatli nuqtasiga aylangan Baxmutda yashagan. Kambag‘al bolalar maktab-internatida raqsdan dars bergan. Bugun uning uyi ham, jonajon shahri ham yer bilan bitta bo‘lgan. Maktabi yopilgan. Qarindoshlari vafot etgan. O‘zi esa hozir ko‘mir koni ishchisi.
Rus bosqini boshlangan 2022 yil fevralida Oksana (kon rahbariyati uning familiyasini oshkor qilmaslikni so‘radi) Polshaga qochib o‘tadi. U yerda restoranlardan birida oshpaz, idish yuvuvchi bo‘lib ishlaydi. Biroq u vatani Ukrainani sog‘inardi. Orada do‘stlari Ternivkadagi kon yangi ishchilar qidirayotganini aytib qoladi. Oksana ishga yoziladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi ishida boshqalariga qaraganda yaxshi maosh to‘lashadi. Shuningdek, yaxshi nafaqa ham taklif qilishgan. Bu ish unga barcha xotiralariga to‘siq qo‘yishda yordam beryapti. «Hammasini unutishni xohlayman», — deydi ayol.
Urush son-sanoqsiz ukrainaliklar hayoti bilan birga mehnat bozorini ham tubdan o‘zgartirib yubordi. Rossiya hujum qilgan bir kechaning o‘zida 4,8 millionga yaqin kishi ishidan ayrildi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2022 yil bahorida ishsizlik darajasi 30 foiz bo‘lgan, 2023 yil oktyabrida bu ko‘rsatkich ancha kamaygan — 18,4 foiz. Biroq bu ham aslida urushgacha bo‘lgan ishsizlik darajasidan ancha ko‘p hisoblanadi. So‘rovnomalardan biriga ko‘ra, urush boshlangandan beri ukrainaliklarning 17 foizi kasbini o‘zgartirishga majbur bo‘lgan. Yuz minglab kishi armiyaga chaqirildi. Amerika rasmiylarining qayd etishicha, urushda kamida 70 ming Ukraina askari vafot etdi. Yana 120 ming nafari esa turli darajada jarohat olgan.
Buning oqibati o‘laroq erkaklar ishlab kelgan ko‘plab sohalarda yangi ish kuchlariga katta ehtiyot sezilmoqda.
Urush va okkupatsiya sharoitida sifatli ma’lumotlarni yig‘ishni deyarli imkonsiz holatga keltirdi. Biroq ayollarning Ukrainaning depsinib turgan iqtisodiyotiga qilayotgan ta’siri faollashib borayotganining belgilari mavjud. Mamlakat iqtisodiyot vaziri Yuliya Sviridenkoga ko‘ra, Ukrainada joriy yilda ro‘yxatdan o‘tgan 36 ming kompaniyaning (o‘rta va kichik) 51 foizi ayollar tomonidan boshqarilmoqda.
Ko‘plab xotin-qizlar sanoat, qurilish, tog‘-kon sohalarida mehnat faoliyatini boshlayapti. Ularning soni kun sayin ortib boryapti. «Biz qayta qurishni boshlaganimizda buni kengroq miqyosda ko‘ramiz», — deydi vazir.
Yaqin yillarda Ukraina urush faxriylari, jumladan, minglab amputantlar, jarohatlangan askarlarga g‘amxo‘rlik qilish uchun shifokorlar, psixologlar armiyasiga muhtoj bo‘ladi. Shubhasiz, ushbu g‘amxo‘rlik qiluvchilarning aksariyati (agar undan ham ko‘pi bo‘lmasa) esa ayollar bo‘ladi.









