Joriy yil 17 noyabr kuni InterContinental mehmonxonasida Gross sug‘urta kompaniyasi tashabbusi bilan boshlangan «XAVFSIZ HARAKAT» ijtimoiy loyihasi uchun maxsus yaratilgan «Yashagim kelar» qo‘shig‘i va klipining katta premerasi bo‘lib o‘tdi. Klip real voqealarga asoslangan bo‘lib, unda rejissyorning klip g‘oyasiga oid noyob o‘y-mulohazasi bo‘yicha YTH real ishtirokchilari bilan sodir bo‘lgan holatlar videoregistrator va tashqi kuzatuv kameralarining tasvirlaridan foydalanilgan.

Yo‘l-transport hodisalari statistikasining har raqami ortida inson hayoti va barbod bo‘lgan qayg‘uli taqdirlar yashiringan. Afsuski, qo‘rquv keltirib chiqarishi va yo‘l harakatining har bir ishtirokchisini hushyorlikka da’vat qilishi kerakdek bo‘lgan mazkur raqamlar oddiy holat kabi loqayd qabul qilinishi kishini chuqur o‘y va mulohazalarga tortadi.

Biroq barcha ko‘nikkandek bo‘lgan mazkur holat dahshati kam bo‘lib qolgani yo‘q, balki hamon katta yo‘qotishlarni keltirib chiqarmoqda. Nafaqat moddiy zararlar, balki jismonan va ruhan yetkazilgan ziyonlar ko‘lami bundan-da dahshatliroq! Endilikda yo‘llarda sodir bo‘layotgan hodisalarga nisbatan loqayd holda va vaziyatni tuzatishga doir chora-tadbirlarni ko‘rish zaruratini e’tiborga olmay qolib bo‘lmaydi.

Gross sug‘urta kompaniyasi o‘z ijtimoiy mas’uliyatini namoyon qilgan holda mazkur muammoga jamoatchilik diqqat-eʼtiborini jalb qilish maqsadida Toshkent shahar IIBB va «XAVFSIZ HARAKAT» loyihasining qator hamkorlari ko‘magida loyihaning navbatdagi tashabbusini amalga oshirishga, ya’ni «Yashagim kelar» qo‘shig‘i va klipini yaratish hamda tasvirga olishga muvaffaq bo‘ldi.

«XAVFSIZ HARAKAT» xavfsiz yo‘l harakatini targ‘ib qiluvchi keng ko‘lamli ijtimoiy loyiha bo‘lib, u piyodalarning xavfsiz o‘tish joylarini tashkil etish, svetofor va tezlik rejimiga rioya qilish, shuningdek transport vositalari yo‘lovchilari xavfsizligini ta’minlash kabi yo‘l harakati muammolariga jamoatchilik diqqat-eʼtiborni jalb qilishga qaratilgan.

«Shuni qayd etish joizki, so‘nggi paytlarda korporativ muhitda ijtimoiy loyihalar tashabbusi bilan chiqish va jamiyatdagi dolzarb muammolarni hal qilish uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olish borasida ijobiy tamoyil kuzatilmoqda. Biz asosiy faoliyat turlaridan biri avtosug‘urta bo‘lgan sug‘urta kompaniyasi sifatida «XAVFSIZ HARAKAT» loyihasi tashabbusi bilan chiqqan holda jamiyat diqqat-eʼtiborini yo‘llardagi hodisalar va ularning oqibatlari muammosiga qaratish mas’uliyatini o‘z zimmamizga oldik. Axir avtomobilni tiklash mumkin, ammo inson hayotini qaytarib berish bizning ixtiyorimizda emas!