Erik AQShga ketish uchun avvaliga daryoni kechib, Moldovaga o‘tgan

Ayrimlar daryo to‘sig‘idan suzib o‘tishdek xavfli yo‘lni tanlagan, boshqalar shunchaki tun qorong‘isida chegarani kesib o‘tgan. Rasmiy Kiyev ma’lumotiga ko‘ra, harbiy chaqiruv yoshidagi yana 21 ming 113 kishi mamlakatni tark etishga uringanida to‘xtatib qolingan.

Rossiya harbiy bosqini boshlanganidan keyin 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan erkaklarning katta qismiga mamlakatni tark etish taqiqlanadi, ammo BBC ixtiyoriga kelib tushgan ma’lumotlarga ko‘ra, Ukrainadan har kuni o‘nlab kishilar qochib ketmoqda.

Nashr muxbiri xorijda o‘qiydigan, ishlaydigan yoki doimiy yashovchi qarindoshlariga qo‘shilish uchun Ukrainani tark etganlarning ayrimlari bilan gaplashgan.

«Men [Ukrainada] nima qilaman? — deydi Yevgeniy. — Hammamiz ham jangchi emasmiz va mamlakatni qamoqqa aylantirish shart emas. Sovetlar ittifoqida bo‘lgani kabi barchani majburlab to‘plash mumkin emas».

BBC Ukrainaning qo‘shnilari bo‘lmish Ruminiya, Moldova, Polsha, Vengriya va Slovakiya hukumatlaridan olgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yil fevralidan 2023 yil 31 avgustiga qadar ushbu mamlakatlarga 19740 nafar erkak o‘tgan.

Ularning barchasi bu mamlakatlarga qanday qilib borib qolganini aniqlab bo‘lmasa-da, chegarani kesib o‘tishga uringanida qo‘lga tushgan 21113 kishi qanday yo‘llardan foydalanmoqchi bo‘lgani ma’lum.

Ularning aksari — 14313 kishi — chegaradan shunchaki noqonuniy o‘tishga (quruqlik yoki suv yo‘llari orqali) harakat qilgan, qolgan 6800 kishi esa, Ukraina hukumati tasdiqlashicha, noqonuniy yo‘llar bilan tayyorlangan rasmiy hujjatlardan foydalanishga uringan (masalan, salomatligi yomonligi tufayli chaqiruvdan ozod etilgani to‘g‘risidagi soxta ma’lumotnoma).

Ukrainada rasman muayyan kasalliklarga chalinganlar, shuningdek, uch va undan ortiq farzandi borlar hamda oila a’zolarining yolg‘iz qarovchilari armiyaga chaqirilmaydi.

Avgust oyida prezident Volodimir Zelenskiy harbiy komissariatlarning tibbiy komissiyalaridagi korrupsiya holatlari haqida gapirib chiqqandi, uning so‘zlariga ko‘ra, buning natijasida 2022 yil fevralidan chaqiruvdan ozod etilganlar soni 10 barobarga oshgan. O‘shanda u barcha hududlarda harbiy chaqiruvga mas’ul bo‘lganlar ishdan bo‘shatilgani va 30 dan ortiq kishiga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atilgani haqida ma’lum qilgandi.