FPV-dronlar urushdagi eng asosiy omillardan biriga aylandi, deyishmoqda ekspertlar: Foto: EPA

Ukrainadan yaqinda qaytib kelgan ekspertlar guruhiga g‘arb OAV fikrlaridan juda ko‘p iqtibos keltiradigan to‘rt tahlilchi kiritilgan:

Maykl Kofman — xalqaro tinchlik yo‘lidagi Karnegi fondidan;

Rob Li — AQShdagi tashqi siyosat tadqiqotlari instituti katta ilmiy xodimi;

Frans-Stefan Gedi — Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti katta ilmiy xodimi;

Konrad Muzika — Polshaning Rochan Consulting kompaniyasi rahbari va harbiy tahlilchi.

Qarama-qarshilikning hozirgi bosqichidan ekspertlar tomonidan chiqarilgan asosiy xulosa shunday: Ukraina armiyasining yoz oylarida janubda boshlangan keng ko‘lamli qarshi hujumi deyarli tugagan, urush bugungi kunda pozitsion ko‘rinishga ega.

Zaporijjya ostonasida va Donetsk oblasti janubidagi hujumga o‘tish operatsiyasi natijasida UQK bir nechta joyda Rossiyaning yaxshilab himoyalangan istehkom chiziqlarini yorib o‘tishga va bir qancha aholi punktlarini egallashga muvaffaq bo‘lgan.

Biroq ular sezilarli hududlarni ozod qila olishmagan va asosiy vazifa — Azov dengizigacha chiqib, Qrimga quruqlikdan yo‘lakni uzib qo‘yib, Zaporijjya oblastining okkupatsiya ostidagi qismidan Rossiya qo‘shinlarini quvib yuborishni uddalay olishmagan.

«Ukrainaning hujumga o‘tish salohiyati umuman olganda tugab bitgan, — degan Muzika Polshaning TOK FM radiosi efirida. — Hujumga o‘tish harakatlarini nafaqat janubda, sharqda ham amalga oshirish imkoniyatlari qattiq cheklangan. Gap bu yerda vositalar — artilleriya va inson potensiali haqida ham bormoqda».

«Har ikki tomon tobora yoshi katta harbiylarni safarbar qilmoqda. Ular endi 18-20 yoshli yigitlar emas. Bu insonlar 40 yoshga borib qolgan yoki 40–50 yoshlar atrofida», — deydi Maykl Kofman o‘zining War On The Rocks podkastida.

Natijada, harbiy harakatlar endilikda yirik birlashmalar darajasida olib borilmayapti, bir parcha yer uchun kurash olib borayotgan nisbatan kichik-kichik bo‘linmalarning qarama-qarshiligiga aylanib ketgan.