Dunyodagi eng yirik quyosh elektr stansiyasi

BAAda dunyodagi eng yirik quyosh elektr stansiyasi – Al-Dafra ishga tushirildi. 2 gigavatt (GW) quvvatga ega stansiya Abu-Dabidan 35 km uzoqlikda joylashgan va deyarli 4 mln dona ikki yuzli quyosh panellari bilan jihozlangan.

Al-Dafra 200 mingga yaqin uyni quvvat bilan ta’minlaydi va har yili atmosferaga chiqadigan karbonat angidrid chiqindilarini 2,4 mln tonnadan ortiqqa qisqartiradi.

Maskur loyiha Abu Dhabi Future Energy Company (Masdar, ulushi – 40 foiz), Abu Dhabi National Energy Company (TAQA, ulushi – 20 foiz), Fransiyaning EDF Renewables (ulushi – 20 foiz) kompaniyasi va Xitoyning JinkoPower (ulushi – 20 foiz) kompaniyalari tomonidan amalga oshirilgan.

Ob-havoni oldindan aytib beradigan neyron tarmoq

Google ob-havoni bashorat qiladigan yangi neyron tarmoq yaratdi. Buyuk Britaniyadagi Google’ga tegishli Deepmind kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan GraphCast tarmog‘i ob-havoni sinoptiklarga qaraganda tezroq va aniqroq prognoz qilib bergan. Xususan, sun’iy intellekt bir daqiqadan kamroq vaqt ichida 10 kunlik ob-havo haqidagi ma’lumotlarni taqdim qilgan.

Ta’kidlanishicha, GraphCast neyron tarmog‘i Yevropa o‘rta masofali ob-havo prognozlari markazidan (ECMWF) olingan 39 yillik ma’lumotlar bo‘yicha o‘qitilgan.

Cadillac Optiq

Cadillac Optiq krossoveri namoyish etildi. Avtomobilning uzunligi 4,82 metr bo‘lib, Xitoyda ishlab chiqariladigan versiyasi bitta elektromotorli bo‘ladi. U komplektatsiyasiga qarab 204 va 245 ot kuchini bera oladi. Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, umumiy quvvati 287 ot kuchiga ega bo‘lgan ikkita elektromotorli versiyani tayyorlash ustida ham ish olib borilyapti.