O‘zbekistonda 2024 yilning 1 iyulidan boshlab tashkiliy-huquqiy shakli aksiyadorlik jamiyati bo‘lgan kompaniyalargina to‘lov tizimi operatori va to‘lov tashkiloti sifatida faoliyat yuritishi mumkin bo‘ladi. Bu – 30 noyabr kuni imzolangan prezident qarorida ko‘zda tutilgan.

Qarorga ko‘ra, to‘lov tizimi operatorlarining ustav kapitali 2024 yilning 1 iyulidan boshlab kamida 50 mlrd so‘m bo‘lishi kerak. Shu sanadan e’tiboran to‘lov tashkilotining ustav kapitali bo‘yicha minimal talab 10 mlrd so‘m, 2025 yil 1 iyuldan esa 20 mlrd so‘m deb belgilanadi.

Hujjat bilan, Humo (“Milliy banklararo protsessing markazi” MChJ) ustav kapitalidagi davlat ulushi Markaziy bankdan olinib, Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkaziladi.

Avvalroq, 2023 yil 1 sentabrdan boshlab banklar ustav kapitalining eng kam miqdori 200 mlrd so‘mga oshirilgan, eng quyi chegara 2024 yil 1 apreldan boshlab 350 mlrd so‘mga, 2025 yil 1 yanvardan esa 500 mlrd so‘mga ko‘tarilishi belgilangan edi.