28 noyabr kuni Turkiya Respublikasi “Necmettin Erbakan University“ning bir guruh professor-o‘qituvchilari va yo‘nalish rahbarlaridan iborat delegatsiya Toshkent Kimyo xalqaro universitetiga tashrif buyurdi.

 Delegatsiya a’zolarini Iqtisodiyot fanlari doktori, ta’lim sifati va xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor, professor Karimjon Ahmedjanov kutib oldi. Delegatsiyaga rahbarlik qilayotgan professor Muzaffer Erkan Yilmaz “Tashrifimizdan asosiy maqsad, avvalroq imzolangan hamkorlik shartnomasida belgilangan ish rejasini bosqichma-bosqich amalga oshirish va ikki universitet o‘rtasidagi professor-ustozlar va talablar mobilligini yo‘lga qo‘yishdir”, — deya ta’kidladi. Tashrif davomida delegatsiya a’zolariga Toshkent Kimyo xalqaro universitetining moddiy-texnik bazasi, ilmiy salohiyati, olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlarning asosiy yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, professor-o‘qituvchilar tomonidan talabalarga mahorat darslar tashkil qilindi. Mehmonlar universitetning “Ta’lim maktabi” talabalari tomonidan ijro etilgan milliy musiqa namunalari bilan ham tanishib, iliq fikrlar bildirishdi.

Konya Najmiddin Erbakan universiteti professori Mursel Bicher bu tashrifdan asosiy maqsad haqida gapirib berdi:

“Najmiddin Erkaban universitetining ta’lim fakulteti dekaniman. Bizning bu yerga kelishimizdan asosiy maqsad Toshkent Kimyo xalqaro universiteti bilan ikki tomonlama shartnomalar imzolash, talaba almashinuv dasturlari, qo‘shma nashr va loyihalar bilan hamkorlikda ishlarni amalga oshirish hamda bu orqali ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashdan iborat. Ikki universitetda ta’lim sifatini oshirish, rivojlanayotgan texnologiyalardan xabardor bo‘lish maqsadida bu yerda bir nechta uchrashuvlar o‘tkazdik, darslarda qatnashdik. Universitetimizdagi ta’lim tizimi haqida ma’lumot berdik va sizning ta’lim tizimingizni kuzatdik, ikkisi orasidagi ta’lim shakllarini taqqoslab ko‘rdik. Bu yerdagi asosiy maqsad ham ikki universitet o‘rtasida aloqalarni o‘rnatish”, - dedi professor Bicher.

Delegatsiya a’zolari universitet qoshida ochilgan “Kimyo University Hospital” klinikasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Soha bo‘yicha o‘zaro hamkorlik va tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.