Ortda qolayotgan hafta ham voqealarga boy bo‘ldi. G‘azoda asirlar almashildi, dunyo siyosatiga yana bir telba prezident kirib keldi. Qozog‘iston prezidenti To‘qayev esa Putin va boshqalarni ko‘p ham qo‘rqmaslikka chaqirdi. Quyida hafta davomida sodir bo‘lgan ba’zi muhim voqealarni eslaymiz.
Hafta voqeasi
Haftaning eng muhim voqeasi HAMAS va Isroil o‘ltasidagi vaqtincha sulh bo‘ldi. Tomonlar 4 kun davomida o‘t ochish rejimini to‘xtatish va asirlarni almashish bo‘yicha kelishib olishdi. Kelishuvga ko‘ra, HAMAS 50 nafar asirni qo‘yib yuborishi, Isroil esa o‘z qamoqxonalarida saqlanayotgan 150 nafar falastinlik mahbusni ozod qilishi belgilandi.
25 noyabr kuni HAMAS 13 nafar isroillik, 12 nafar Tailand va 1 nafar Filippin fuqarosini ozod qildi. Ulardan 4 nafari yosh bola edi. HAMAS qo‘yib yuborgan asirlarning eng kattasi 78 yosh, eng kichigi 2 yoshda edi. Ular G‘azodan Rafah o‘tish punkti orqali Qizil Xoch jamiyati tez yordam mashinalarida Misrga olib o‘tildi va keyin Isroilga yo‘l olishdi.
Isroil esa mamlakat qamoqxonalarida muddat o‘tayotgan 39 nafar falastinlik mahbusni ozod qildi. Ulardan 24 nafari ayollar, 15 nafari o‘smir yigitlar bo‘lgan. Falastinlik mahbuslar G‘arbiy sohildagi chegara punkti orqali Falastinga o‘tkazib yuborilgan.
Isroil HAMAS bilan kelishuv doirasida qo‘yib yuborilishi mumkin bo‘lgan 300 nafar falastinlik mahbus ro‘yxatini e’lon qildi. Ularning aksari yosh o‘g‘il bolalar bo‘lib, 40 foizi hali 18 yoshga ham to‘lmagan. Ro‘yxatda 33 nafar ayol ham bor. Isroil tomoniga ko‘ra asirlar almashinuvi doirasida ozod qilinadigan falastinliklarning hech biri odam o‘ldirishda ayblanmagan.
Falastin tomoniga ko‘ra, Isroil qamoqxonalarida 8000 nafargacha falastinlik saqlanmoqda. Ularning 3000 dan ortig‘i ma’muriy ish bilan qamalgan va nega qamoqqa olingani haqida ma’lumot ham berilmagan.
Hafta g‘olibi
Hafta boshida dunyodagi eng katta davlatlardan biri Argentinaga yangi prezident saylandi. Favqulodda radikal takliflarni ilgari surgan Xaviyer Miley 55 foizdan ko‘proq ovoz to‘plab g‘olib bo‘ldi. U ovoz berish natijalariga ko‘ra hukmron koalitsiya vakili bo‘lmish iqtisodiyot vaziri Serxio Massani ortda qoldirdi.
«Arrali prezident» nomini olgan Mileyni bejizga bunday deb atashmaydi. U davlat xarajatlarini keskin kamaytirish kerak deb hisoblaydi. Miley madaniyat vazirligi, sport va turizm vazirligi, atrof-muhit vazirligi, ayollar, gender va xilma-xillik vazirligi, mehnat vazirligi mamlakat uchun ortiqcha boshog‘riq deb biladi. U Argentina hukumatida mavjud bo‘lgan 8 ta vazirlikni yopib, 11 ta vazirlik bilan mamlakatni bemalol boshqarish mumkin deb hisoblaydi.















