Dunyo diqqat markazida bo‘lib turgan G‘azo va Ukrainadagi vaziyat, shuningdek, jahonda o‘tgan kun davomida sodir bo‘lgan eng muhim voqea, hodisa va yangiliklar bilan odatdagidek jahon xabarlari dayjestida tanishtiramiz.

Isroil armiyasi HAMAS yetakchilari qochqinlar bilan birga sektorning janubiga ko‘chib yashiringanini gumon qilib, G‘azoning janubiy qismini ham bombalashni boshlaganini avval ham xabar bergan edik.

BMTning G‘azodagi tashkiloti direktori Tomas Uayt Isroil avval xavfsiz zona, deb e’lon qilingan Rafah shahriga ham hujum qilmoqda. «Bolalar va ayollar xavfsiz boshpaga so‘rashmoqda, lekin biz ularga hech qanday yordam ko‘rsata olmayapmiz», degan u.

BMT vakili 7 oktyabrdan buyon G‘azo aholisining 80 foiz aholisi shimoldan janubga ko‘chirilgani, 1,2 mln ichki qochoqlar BMTning G‘azodagi 156 ta obektida jon saqlayotganini ma’lum qildi. U yerda yana 600 mingga yaqin mahalliy aholi ham istiqomat qiladi.

UNICEF vakili Jyeyms Elderning aytishicha, janubdagi hujumlar shimoldagidan qolishmaydi. «Sukut — jinoyatda ishtirok etish. Men G‘azo janubidagi 1,8 million inson haqida o‘ylashdan o‘zimni chalg‘ita olmayapman», degan u.

Falastinlik qochqinlarga yordam beruvchi BMT agentligi «G‘azoga yetib kelayotgan yordam dengizdan tomchi ekani, G‘azoda o‘tkir ichak kasalliklari 4 barobarga, teri kasalliklari 3 barobarga oshganini ta’kidlagan.

Isroil armiyasi G‘azoning shimolida HAMASni yengib bo‘lmayotganini ta’kidlagan. Armiya vakilining CNN’ga ma’lum qilishicha, hozircha ular HAMAS ustidan aytarli g‘alaba qozona olishmagan va bu hududdagi operatsiya va joylardagi vaziyat o‘ta murakkabligini ma’lum qilgan.

The Wall Street Journal nashrining xabar qilishicha, HAMAS jangovar qanoti tomonidan G‘azo sektori ostida qurilgan 500 kilometrlik tunnellarni dengiz suviga to‘ldirish uchun Isroil butun bir nasoslar tizimini hozirlamoqda. Agar Isroil bu chorani qo‘llaydigan bo‘lsa, shundoq ham suvsizlikdan qiynalayotgan G‘azodagi yer osti chuchuk suvlarini iste’mol uchun yaroqsiz holga keltiradi.

G‘azo hokimiyati matbuot xizmati Islom hamkorligi tashkilotini G‘azo sektoridagi falokatga yechim topishi uchun birlashishga chaqirgan.

Fransiyaning BMTdagi doimiy vakili Nikolya de Riviyer Xavfsizlik Kengashi G‘azoda gumanitar pauzalarga chorlash bilangina tiyilmasdan, sulh tuzilishi va o‘t ochishni to‘xtatishga erishishi kerakligini aytdi.