Saudi Aramco binosiga hujum
Saudi Aramco neft kompaniyasining Saudiya sharqidagi Zahron shahrida joylashgan maʼmuriy binosi hujumga uchradi. Bu haqda Saudiya Arabistoni Energetika vazirligi 14-oktabr kuni bayonot tarqatdi.
Vazirlikka koʻra, hodisa 13-oktabr kuni kechqurun sodir boʻlgan, hujum oqibatida cheklangan miqyosda yongʻin chiqqan, halok boʻlgan yoki jarohatlanganlar yoʻq. Kompaniyadagi manbasiga tayanib Reuters'ning yozishicha, Zahrondagi Aramco bosh qarorgohi majmuasiga ballistik raketa tushgan. Binoning yuqori uch qavati shikastlangan.
Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya Zahronda urib tushirilgan raketa parchalari turar joy hududiga tushganini maʼlum qildi. Ar-Riyodda ham husiylarning ikkita raketasi urib tushirilgach, ularning parchalari tushishi oqibatida toʻrt kishi jarohatlangan.
Husiylar bir haftadan buyon Saudiya Arabistonining muhim obyektlariga ballistik raketa va dronlar uchirmoqda. Husiylar koalitsiyaning Sanoga bergan zarbalariga «qattiq va alamli» javob qaytarish bilan tahdid qilgandi.
Saudiya kuchlari esa Sano chekkasidagi yoqilgʻi ombori va boshqa obyektlarga “husiylarning tahdid solish imkoniyatlarini zararsizlantirish” maqsadida zarba berganini bildirgan.
Fevral oyida Eron Hoʻrmuz boʻgʻozini yopganidan keyin Bob al-Mandab Saudiya Arabistoni yanada muhim yoʻlga aylangan. Yamandagi mojaro 28-fevral kuni AQSH va Isroilning Eronga hujumi bilan boshlangan kengroq urushning davomi sifatida qayta avj oldi. Saudiya Arabistoni xalqaro miqyosda tan olingan Yaman hukumatini qoʻllab-quvvatlab, oʻtgan oyda husiylarga qarshi harbiy kampaniyasini qayta boshlagandi.
AQSH elchisi atrofida mojaro
AQShning Gretsiyadagi elchisi Kimberli Gilfoyl atrofidagi mojaro uning lavozimdan ketishi bilan yakunlanmoqda. Oq uy 13-oktabr kuni Gilfoyldan isteʼfoga chiqishni soʻraganini maʼlum qildi. Bunga elchi pul, sovgʻa va turli xizmatlar evaziga Tramp maʼmuriyati rasmiylari bilan uchrashish imkoniyatini sotgani haqidagi bir qator xabarlar sabab boʻlgan.
AQSH prezidenti Donald Tramp bir kun avval Gilfoylni ishdan boʻshatishni koʻrib chiqayotganini aytgan edi. “U yaxshi ishlayotgan edi, lekin biz oʻqigan narsalar bizga yoqmadi”, dedi Tramp jurnalistlarga. Oq uyning yangi matbuot kotibi Keyti Zakariya ham Gilfoyldan isteʼfo soʻralganini tasdiqladi.
Gilfoylning oʻzi esa ayblovlarni yana rad etdi: “Bu ayblovlar yolgʻon, men nomim, obroʻyim va halolligimni qatʼiy himoya qilmoqchiman”, deb yozdi u.














