Jahon | 14:00 / 08.12.2023
9678
3 daqiqa o‘qiladi

AQShning Iroqdagi elchixonasiga raketalar uchirildi

Elchixona majmuasiga kamida uchta «Katyusha» raketasi uchirilgan. Bu Isroil va HAMAS o‘rtasida urush boshlanganidan beri Bag‘doddagi AQSh elchixonasiga birinchi hujumdir.

Foto: AP

8 dekabr, juma kuni ertalab Iroq poytaxti Bag‘doddagi AQSh elchixonasiga kamida uchta raketa uchirildi. «Mahalliy vaqt bilan taxminan soat 4:20 da Amerika elchixonasiga qaratilgan uchta «Katyusha» raketasi Dajla daryosi yaqinidagi «Yashil hudud» yaqinida quladi», — dedi Iroq xavfsizlik kuchlari vakili AFP agentligiga bergan intervyusida.

O‘z navbatida, amerikalik harbiy mulozim nomini oshkor qilmaslik sharti bilan xalqaro aksilterror koalitsiya qo‘shinlari joylashgan AQSh elchixonasi va Union III harbiy bazasi yaqinida sirenalar yangragani hamda «portlash tovushlari» eshitilganini aytdi. AQSh IShID kuchayishining oldini olish uchun Iroqda 2500, Suriyada yana 900 askarni joylashtirgan. 

Hozircha Bag‘doddagi Amerika diplomatik missiyasiga uyushtirilgan hujum uchun javobgarlikni hech kim o‘z zimmasiga olmadi. Bu - oktyabr boshida Isroil va Falastinning HAMAS harakati o‘rtasidagi urush boshlanganidan beri AQShning Iroq poytaxtidagi elchixonasiga birinchi marta hujum uyushtirilishi. 

Amerikaning Iroq va Suriyadagi obektlariga zarbalar 

«Yashil hudud» Bag‘doddagi alohida muhofaza qilinadigan hudud bo‘lib, u yerda bir qator davlatlar davlat idoralari va elchixonalari binolari joylashgan. Avvalroq Iroq bosh vaziri Muhammad al-Sudaniy AQSh davlat kotibi Entoni Blinken bilan telefon orqali muloqotda Iroq mamlakatda AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya harbiy maslahatchilari xavfsizligini ta’minlashga tayyorligini ta’kidlagan edi. 

Al-Sudaniy, shuningdek, AQShdan Iroq hududiga hujum qilmaslikni so‘ragan. Oktyabr oyi o‘rtalaridan beri eronparast guruhlar Isroil va HAMAS o‘rtasidagi urush fonida Iroq va Suriyadagi Amerika va koalitsiya nishonlariga o‘nlab raketa va dron hujumlarini amalga oshirdi. Bunga javoban AQSh armiyasi Iroqdagi ushbu tuzilmalarning pozitsiyalariga bir necha bor zarbalar berdi. 

Mavzuga oid