Jahon | 10:15 / 11.12.2023
9880
2 daqiqa o‘qiladi

Xaviyer Miley Argentina prezidenti vazifasini bajarishga kirishdi

Buenos-Ayresda Argentina yangi prezidenti Xaviyer Maylining inauguratsiyasi bo‘lib o‘tdi. Marosimga Volodimir Zelenskiy uchib keldi.

Foto: Marcos Brindicci/Getty Images

Argentinada prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan libertarist Xaviyer Miley davlat rahbari sifatida qasamyod qildi. Inauguratsiya marosimi 10 dekabr, yakshanba kuni Buenos-Ayresdagi Kongress binosida bo‘lib o‘tdi. Qasamyoddan so‘ng, iste’foga chiqqan davlat rahbari Alberto Fernandes Mileyga prezident tasmasi va tayoqchasini topshirdi.

Kongressdan prezident sifatidagi birinchi nutqida Miley mamlakat uchun «yangi davr» va’da qildi, ammo og‘ir iqtisodiy vaziyat haqida ogohlantirdi. «Hech bir hukumat bizdan ko‘ra yomonroq merosga ega bo‘lmagan», dedi u va rasmiylar tejamkorlik choralarini ko‘rishga majbur bo‘lishini qo‘shimcha qildi. «Xarajatlarni qisqartirishning muqobili yo‘q, zarba choralariga muqobil yo‘q», dedi prezident. Mileyning so‘zlariga ko‘ra, vaqt o‘tishi bilan aholi chora-tadbirlarning «mevasini ko‘radi», ammo undan oldin «vaziyat yomonlashadi».

Zelenskiy Mileyning inauguratsiyasida ishtirok etdi

Mileyning inauguratsiya marosimiga kelgan xorijlik mehmonlar orasida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham bor edi. Bu uning Lotin Amerikasiga Ukrainaga urushi boshlanganidan beri birinchi tashrifidir. Miley avvalroq bir necha bor Ukrainani qo‘llab-quvvatlashini va Rossiya agressiyasini qoralashini bildirgan.

Zelenskiy Mileyni Argentina prezidenti lavozimiga kirishgani bilan tabrikladi. «Bu Argentina uchun yangi davr boshlanishidir va men prezident Miley hamda butun Argentina xalqiga o‘z muvaffaqiyatlari bilan dunyoni lol qoldirishini tilayman, — deb yozdi Zelenskiy X ijtimoiy tarmog‘ida. - Shuningdek, Ukraina va Argentina o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik davom etishiga ishonchim komil».

Mavzuga oid