BBC’ning Vashingtondagi muxbiri Entoni Zurker Zelenskiyning Amerikaga tashrifi yakunlarini tahlil qildi.

Zelenskiyning harakatlarida umidsizlik sezilib turibdi, chunki hozir uning mamlakati taqdiri hal bo‘layotgan bo‘lishi mumkin. Ukrainadagi urushni demokratik davlatlar va avtokratik rejimlar o‘rtasidagi global mojarodagi hal qiluvchi jang deb hisoblaydigan AQSh prezidenti Jo Bayden ham shunday holatda.

Ammo ukrainlar prezidentining bu safargi tashrifi yakunlariga ko‘ra Zelenskiy ham, Bayden ham muayyan yutuq bilan maqtana olmaydi.

Volodimir Zelenskiy Vashingtonga o‘tgan yil dekabrida kelganida uni AQSh Kongressi palatalarining qo‘shma majlisida qizg‘in kutib olishgan va Oq uyda ham tantanali qabul uyushtirilgandi. Oradan ko‘p o‘tmay Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga 50 mlrd dollarlik yordam paketini ma’qulladi, bu Kiyevning Rossiya bosqini boshlangach boy berilgan hududlarini qaytarib olish harakatlariga yordam berdi.

Ammo bu safar barchasi mutlaqo boshqacha ko‘rinishda. Zelenskiy amerikalik senatorlar bilan yopiq eshiklar ortida uchrashdi. U Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson bilan uchrashuv o‘tkazdi, spiker esa kameralar qarshisiga Ukraina prezidenti bilan birga chiqmadi ham.

Zelenskiyning Oq uyga tashrifi ham avvalgilari kabi dabdaba bilan o‘tmadi — va bu tasodifiy emasdi. Bo‘lgan voqealarni, albatta, kimlargadir shunday tuyulsa-da, navbatchi tabassum bilan omad tilab, eshikni ortdan yopib xayrlashish sifatida baholash ham to‘g‘ri emas. Zelenskiy Amerikadan yordam olish imkoniyatini yaxshilash uchun dunyoning yarmini bosib o‘tib keldi, ammo amalda bu amalga oshmadi.

Migratsiya muammosi

Ukraina prezidenti tashrifi muhiti Vashingtondagi umumiy kayfiyatni aks ettiradi, bu yerda Ukrainaga qo‘shimcha mablag‘ ajratish masalasi Amerika migratsiya siyosatidagi ichki siyosiy kurash bilan bog‘liq.

Foto: Getty Images

Demokratlar AQSh chegaralari xavfsizligini mustahkamlash uchun mablag‘ ajratishni Ukraina, Isroil va Tayvanga ham yordam ko‘rsatishni o‘z ichiga oluvchi 110 mlrd dollarlik umumiy paket doirasida taklif qilmoqda. Ammo respublikachilar AQSh hukumatining mamlakatdan boshpana so‘rovchi hujjatsiz migrantlarga munosabatini to‘liq qayta ko‘rib chiqishni talab etmoqda.