O‘zbekiston | 08:51 / 19.12.2023
1915
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya ko‘magida Termizda tibbiy kadrlar tayyorlash loyihasi amalga oshiriladi

Loyiha tibbiyot xodimlarini ilg‘or Germaniya standartlari asosida kasbiy tayyorlash va malakasini oshirishni nazarda tutadi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Amrullo Inoyatov Germaniya taraqqiyot banki (KfW)ning Markaziy Osiyo, Kavkaz va Sharqiy Yevropa departamenti boshlig‘i Veionika Garsia Del Arko boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, KfW bilan hamkorlikda O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash, tibbiy muassasalarni modernizatsiya qilish, zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash, muqobil energiya manbai bilan ta’minlash va tibbiy ta’lim bo‘yicha qator investitsiyaviy va grant loyihasi amalga oshirilmoqda.

Muloqot davomida o‘zaro hamkorlikdagi sa’y-harakatlarni yanada jadallashtirish muhimligi ta’kidlanib, moliyaviy kelishuv doirasida strategik sheriklikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, uchrashuvda keyingi yil Germaniyada ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan muzokaralarida yangi loyihalarga mablag‘ ajratish bo‘yicha vazirlikning takliflari tinglandi.

Muloqot yakunida «Termiz shahrida tibbiy kadrlar tayyorlash va qo‘shimcha ta’limni modernizatsiya qilish» loyihasini amalga oshirish to‘g‘risidagi muhim kelishuv imzolandi.

13,5 million yevrodan iborat KfW banki grant loyihasi va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining 4 million yevrolik mablag‘i hisobiga yo‘lga qo‘yiladigan mazkur loyiha tibbiyot xodimlarini ilg‘or Germaniya standartlari asosida kasbiy tayyorlash va malakasini oshirishni nazarda tutadi.

Uning doirasida Termiz shahridagi tibbiyot kollejini zarur jihozlar, shu jumladan, simulyatsion uskunalar bilan ta’minlash orqali tibbiyot xodimlari tayyorlanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid