Jahon | 10:51 / 20.12.2023
5288
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Kongressi yanvargacha Ukrainaga yordam masalasiga qaytmaydi

Kiyevga yordam bo‘yicha muzokaralarda qiyinchiliklar saqlanib qolmoqda, dedi senatorlar Shumer va Makkonnell. Avvalroq AQSh Mudofaa vazirligi Ukrainaga harbiy yordam berish uchun pul 30 dekabrgacha tugashi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi.

Foto: Kevin Lamarque/REUTERS

AQSh Kongressi Ukrainaga yordam berish masalasiga faqat 2024 yilning yanvarida qaytadi. Bu haqda Senatdagi Demokratik partiya yetakchisi Chak Shumer va AQSh qonunchilik organi yuqori palatasidagi respublikachilar ozchiligi yetakchisi Mitch Makkonnellning 19 dekabr, seshanba kuni e’lon qilingan qo‘shma bayonotida aytiladi

Siyosatchilarning ta’kidlashicha, muzokarachilar «biroz olg‘a siljishga erishdi», ammo «qiyin masalalar saqlanib qolmoqda». «Muzokarachilar dekabr va yanvar oylaridagi tanaffuslarda qattiq ishlaydi va bizning maqsadimiz - qaytishimiz bilanoq nimadir qilish», dedi Shumer jurnalistlarga. 

Bundan tashqari, qonun chiqaruvchilar ta’tildan so‘ng Qo‘shma Shtatlar chegarasini himoya qilish bo‘yicha muzokaralarni davom ettiradi. Janubiy Dakota shtatidan respublikachi senator Jon Tyun demokratlarni sustligi uchun qoraladi. 

Pentagon Ukrainaga harbiy yordam uchun mablag‘ yetishmay qolish xavfini ko‘rmoqda 

Kildagi Jahon iqtisodiyoti instituti (IfW) hisob-kitoblariga ko‘ra, oktyabr oyi oxiriga kelib, Vashington Kiyevga urush boshlanganidan beri harbiy yordam uchun 43,8 milliard dollar ajratgan. Avvalroq Oq uy AQSh Mudofaa vazirligi olingan mablag‘ning 97 foizini Ukrainaga yordam berish uchun ishlatib bo‘lganini bildirgan edi. Ayni paytda Pentagon, agar qonun chiqaruvchilar kelishuvga erisha olmasa, Kiyevga harbiy yordam uchun mablag‘lar 30 dekabrgacha tugashi haqida ogohlantirgan. 

AQSh Kongressi Kiyevga ko‘mak uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratishni hali ma’qullamadi

Oktyabr oyida AQSh prezidenti Jozef Bayden Kongressga Ukraina, Isroil va Hind-Tinch okeani mintaqasidagi operatsiyalarni favqulodda moliyalashtirish uchun 106 milliard dollar miqdorida so‘rov yuborgan. Qonun chiqaruvchilar bu mablag‘ni ajratish bo‘yicha haligacha kelisha olmadi. Dekabr oyi o‘rtalarida Oq uy rahbari Kiyevga 200 million dollar miqdorida harbiy yordamning yangi paketini ajratishni ma’qullagan edi. 

Mavzuga oid