O‘zbekiston | 16:20 / 26.12.2023
19261
5 daqiqa o‘qiladi

“Chaqaloqning kindigi chiriy boshlagandi” – Andijonda tug‘uruq vaqtida bola va keyinroq onasi ham vafot etgani aytilyapti

Asaka tumanidagi 1-tug‘uruqxona shifokorlari chaqaloq tirik tug‘ilib, keyin vafot etgani haqida ma’lumotnoma bergan. Biroq yaqinlari bolaning kindigi chirib qolgani, chaqaloq onaning ichida ancha oldinroq o‘lganini aytishyapti. Tug‘uruqdan 17 kun o‘tib, ona ham vafot etgan.

Asaka tumani Yangi To‘shqo‘rg‘on mahallasida yashaydigan Nargiza Mashrapova tug‘uruqdan 17 kun o‘tib vafot etgan. Marhuma farzandini 19 noyabr kuni tumandagi 1-son tug‘uruq kompleksida kesarcha yo‘li bilan dunyoga keltirgan. Shifokorlar ma’lumotnomasiga ko‘ra, chaqaloq tug‘uruq vaqtida vafot etgan. Oila a’zolari chaqaloq va ayol o‘limiga shifokorlarning mas’uliyatsizligi va e’tiborsizligi sabab bo‘lganini iddao qilishyapti.

Mahrumaning qaynonasi va onasi voqea tafsilotlarini Kun.uz’ga gapirib berdi. Yaqinlarining aytishicha, ayol 5 noyabr kuni ultratovush tekshiruvidan o‘tkaziladi va homila suvining kamaygani sabab shifoxonaga yo‘llanma beriladi.

Keyin kelinimni Asaka tumanidagi To‘rttosh (1-son tug‘uruq kompleksi) tug‘uruqxonasiga olib bordim. Tug‘uruq kuni hali erta deb qaytarib yuborishdi. 11 noyabrda yana olib bordim. Ginekolog tug‘uruq kuniga hali vaqt bor, olib qolmaymiz, dedi. Shunga qaramay kelinimni shifoxonada qoldirdim”, – deydi marhumaning qaynonasi.

Oila a’zolarining aytishicha, oradan 3 kun o‘tib, Nargiza Mashrapova isitmalashni boshlaydi. Biroq shifokorlar tomonidan yetarli yordam ko‘rsatilmaydi. Ayol isitma bilan 18 noyabrgacha kasalxonada yotadi va 19 noyabr kuni operatsiya qilinadi. Ayolning yaqinlariga chaqaloq 1 puls bilan tug‘ilgani va keyin vafot etgani aytiladi.

Ammo bolani ko‘mish uchun bizga berishganda kindiklari chiriy boshlagan edi. Shu sababdan u onasining ichida ko‘p qolib ketgani uchun o‘lgan deb o‘yladik va janoza o‘qitish yoki o‘qitmaslikka ikkilandik. Keyin o‘sha kuni tug‘uruqda qatnashgan hamshiralardan birortasini topishga harakat qildik. Biz gaplashgan hamshira bola o‘lik tug‘ilganini aytdi, lekin bizga bola 1 puls bilan tug‘ildi deb ma’lumotnoma berishgandi”, – deydi marhumaning qaynonasi.

Marhuma tug‘uruqdan 3 kun o‘tib yana isitmalay boshlaydi.

Isitmasi tushavermagach, 1 dekabrda boshqa shifoxonaga ko‘chirdik. U yerda isitmasini tushirishdi. Keyin operatsiya joyi yaxshi tozalanmagani uchun qayta operatsiya qilishga jo‘natishdi”, – deydi marhumaning onasi Odina Tojimatova.

1 dekabr kuni Nargiza Mashrapova Andijon viloyat perinatal markazida operatsiya qilingan. Operatsiyadan keyin 7 dekabr kuni vafot etgan.

Bolam 27 kun shifoxonalarda yotdi. Yaxshiroq shifokorga ko‘rsatamiz, desak Asaka tumani 1-tug‘uruqxonadagi shifokorlar hujjatini qilib bermay ovora qilishdi, vaqt yo‘qotdik. Biz 8 kun tug‘uruqxona ko‘chasida mashina ichida yotib turdik. Shifokorlarning yo‘lini poyladik”, – deydi Tojimatova.

Kun.uz holatni aniqlashtirish uchun Andijon viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan bog‘landi. Mas’ullar 2-3 kun ichida voqea bo‘yicha tekshiruv o‘tkazilishini ma’lum qildi. Biroq oradan 3 kun o‘tgan bo‘lsa ham holat haqida tahririyatga biror ma’lumot berilgani yo‘q.

Bundan tashqari, Asaka tuman prokuraturasi chaqaloqning o‘limi bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.

Marhumaning yaqinlari Asaka tumanidagi 1-tug‘uruq kompleksida jiddiy tekshiruv olib borilishi, aks holda bunday holatlar ko‘payishidan xavotirda ekanini aytishmoqda.

Kun.uz Sog‘liqni saqlash vazirligidan voqea joyida tekshiruv o‘tkazishini va Andijon viloyat prokuraturasidan ish bo‘yicha aniq ma’lumot berishini so‘rab qoladi.

Mavzuga oid