Ukraina Jahon bankidan «Ukrainada barqaror boşqaruvni ta’minlaş uçun davlat xarajatlarini qöllab-quvvatlaş» (PEACE in Ukraine) dasturi doirasida yana 1,34 milliard dollar miqdoridagi tranş oldi. Bu haqda 25 dekabr kuni Kiyevdagi Moliya vazirligi ma’lum qildi. Unga köra, bu mablağ davlat budjetining xavfsizlik va mudofaa sohasi bilan boğliq bölmagan xarajatlari, xususan, pensiya tölovlari, şuningdek, Davlat favqulodda vaziyatlar xizmati (DFVX) xodimlarining iş haqi uçun yönaltiriladi. 

Ukraina Moliya vazirligi ma’lumotlariga köra, ajratilgan mablağning 1,086 milliard dollari Yaponiya hukumati tomonidan kafolatlangan Ukrainaga zarur yordamni körsatiş maqsadli jamğarmasidan (ADVANCE Ukraine) olingan. Tranşning qolgan qismi Norvegiya (190 million), AQŞ (50 million) va Şveytsariya (20 million dollar) grantlaridan iborat. 

Xalqaro yordam Kiyevga ijtimoiy xarajatlarni ta’minlaş imkonini beradi 

Ukraina moliya vaziri Sergey Marçenko xalqaro moliyaviy yordam «Ukrainaning moliyaviy va iqtisodiy barqarorligini qöllab-quvvatlaşga muhim hissa bölib, uruş davrida ustuvor ijtimoiy xarajatlarni amalga oşiriş imkonini beradi», deb ta’kidladi. 

Ukraina Moliya vazirligi ma’lumotlariga köra, Kiyev keng kölamli uruş boşlanganidan buyon birgina davlat budjetini moliyalaştiriş uçun xalqaro yordam sifatida deyarli 70 milliard dollar olgan.