10:03 / 01.01.2024
10970

Daniya qirolichasi Margrete II taxtdan voz kechishini e’lon qildi

Daniya qirolichasi Margrete II 52 yillik hukmronlikdan so‘ng 2024 yil 14 yanvarda taxtdan voz kechishini ma’lum qildi. 83 yoshli monarx buni yaqinda o‘tkazilgan operatsiya bilan izohladi. U taxtni valiahd shahzoda Frederikka topshiradi.

Foto: Global Look Press/Frank Hoermann/SVEN SIMON

Daniya qirolichasi Margrete II 31 dekabr, yakshanba kuni so‘zlagan nutqida taxtdan voz kechish niyatida ekanligini ma’lum qildi. Monarxning so‘zlariga ko‘ra, bu uning taxtga o‘tirganining 52 yilligi munosabati bilan 14 yanvar kuni sodir bo‘ladi. U taxtni o‘g‘li, valiahd shahzoda Frederikka topshirish niyatida. Daniya ommaviy axborot vositalari bu bayonotni «mutlaqo tarixiy» deb atadi. 

Qirolichaga ko‘ra, bunday qarorga 2023 yilning fevral oyida o‘tkazgan bel operatsiyasi sabab bo‘lgan. Operatsiya muvaffaqiyatli o‘tdi, ammo Margrete ta’kidlaganidek, bu uning taxtdagi istiqbollari bo‘yicha o‘ylab ko‘rishga turtki berdi. Daniya qirolichasi taxtdan voz kechish niyatini e’lon qilganda, uning Kopenhagendagi Amaliyenborg saroyi oldida nutqini eshitish uchun yig‘ilgan olomon buni olqishladi.

Margrete o‘z nutqida Ukraina va G‘azo sektoridagi urushlar, global iqlim o‘zgarishi va sun’iy intellektni ham tilga oldi. 

Margrete II 1972 yilda taxtga o‘tirdi va qarindoshi bo‘lgan Britaniya qirolichasi Yelizaveta II vafotidan so‘ng Yevropaning eng uzoq hukmronlik qilayotgan monarxiga aylandi. 

Mavzuga oid
Top