Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yaponiyada zilzila qurbonlari soni ortib bormoqda
Birgina Yaponiya g‘arbidagi Vadzima shahrida kuchli zilzila oqibatida kamida sakkiz kishi halok bo‘ldi. Qurbonlar umumiy soni kamida o‘n olti kishiga yetdi. Meteorologlarning ogohlantirishicha, hafta davomida, ayniqsa, keyingi ikki-uch kun ichida yana kuchli zilzilalar yuz berishi mumkin.
Yaponiyaning g‘arbiy sohilidagi Noto yarimorolida sodir bo‘lgan kuchli zilzilalar oqibatida halok bo‘lganlar soni ortishda davom etmoqda. Bosh vazir Fumio Kishida 2 yanvar, seshanba kuni «ko‘plab qurbonlar» borligini aytdi. U omon qolganlarni qutqarish jarayonini «vaqt bilan poyga» deb atadi.
Mainichi Shimbun gazetasining xabar berishicha, kamida 16 kishi halok bo‘lgani tasdiqlandi. Eng ko‘p qurbonlar Isikava prefekturasi Vadzima shahrida bo‘lgan: NHK telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, u yerda 8 kishi hayotdan ko‘z yumdi. Kamida yetti kishi jiddiy jarohat oldi, ko‘plab binolar vayron bo‘ldi – o‘nlab uylar yonib ketgan, yana ko‘plari qulagan, deb xabar berdi mahalliy hukumat. 13 soatdan keyin ham yong‘inlarni to‘liq o‘chirishning imkoni bo‘lmagan. Mintaqada qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda.
Tokiodagi uylarda ham silkinish sezildi
1 yanvar kuni Yaponiyaning markaziy qismida zilzila yuz berdi, uning magnitudasi 7,6 ni tashkil etdi. Zilzila episentri Noto yarimorolida joylashgan, ammo hatto Yaponiya poytaxti Tokio yaqinida, taxminan 400 km masofadagi uylarda ham silkinishlar sezilgan. Yer silkinishi natijasida ko‘chkilar yuz berdi, yo‘l qoplamalari yorilib, daraxtlar ag‘darildi. Bir qator prefekturalar 5 metrgacha bo‘lgan sunami haqida ogohlantirdi va keyinroq u bekor qilindi, biroq mahalliy aholidan ehtiyot choralarini ko‘rish so‘ralmoqda.
Bosh vazir Kishida so‘zlariga ko‘ra, shikastlangan transport yo‘llari tufayli yarimorolning shimoliy qismiga yetib borish qiyinlashgan. Qutqaruvchilar dengiz orqali alohida hududlarga yetib borishga urinib ko‘radi.
Seshanba kuni ertalab ham aftershoklar davom etdi. Yaponiya meteorologiya boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, dushanbadan beri jami 155 ta yer silkinishi qayd etilgan. Meteorologlarning ogohlantirishicha, hafta davomida, ayniqsa, keyingi ikki-uch kun ichida yana kuchli zilzilalar yuz berishi mumkin.
Mavzuga oid
16:44 / 22.06.2026
Yaponiya viza narxini besh barobarga oshiradi
18:57 / 15.06.2026
Yaponiya O‘zbekistonda energiya samaradorligini oshirish uchun 230 mln dollar kredit ajratadi
08:43 / 11.06.2026
Jahon neft savdosi markazi Osiyoga ko‘chmoqda
20:36 / 06.06.2026