1 yanvar kuni tushdan keyin Yaponiyada kuchli zilzila ro‘y berganidan bir kun o‘tib, mamlakat g‘arbidagi eng ko‘p zarar ko‘rgan Noto yarimorolida qutqaruv ishlari ancha sekin davom etdi. Falokat hududiga olib boradigan muhim ko‘priklar va yo‘llarga zarar yetgan yoki butunlay vayron bo‘lgan, bu esa yordam ishlarining dastlab kechiktirilishiga olib keldi. 

Ko‘p joylarda asfalt yuzasi ko‘tarildi va parchalanib ketdi. Tuproqdagi yoriqlar, qulagan elektr ustunlari, tuproq uyumlari hamda egilgan va qulagan uylar ko‘plab magistral yo‘llarni to‘sib qo‘ydi. «Avtomobillarning Noto shimoliy hududlariga yetib borishi nihoyatda qiyin», dedi Yaponiya bosh vaziri Fumio Kishida. Shu sababli, uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat yordam yuklarini kema orqali yetkazib berishga e’tibor qaratmoqda. Qutqaruv ishlarini olib borish va aholiga yordam ko‘rsatish uchun Yaponiya o‘zini o‘zi mudofaa qilish kuchlarining 10 mingga yaqin a’zosi safarbar etilgan. 

Foto: Kyodo News/AP/picture alliance

Yaponiyaning ushbu qismida 1885 yildan beri eng kuchli zilzila 

Zilzila episentri Vadzima shahridan 30 km shimoli-sharqda, Yaponiyaning eng yirik oroli - Honsyudagi Isikava prefekturasi Noto yarimoroli qirg‘oqlaridan 16 km chuqurlikda joylashgan. Yaponiya meteorologiya agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, zilzila odamlar va binolarga ta’sirini tasniflaydigan mahalliy intensivlik shkalasi bo‘yicha maksimal magnituda - 7 ballga yetdi. 

Rixter shkalasi bo‘yicha magnitudasi 7,6 ballni tashkil qilgan. Bu 1885 yilda kuzatuvlar boshlanganidan beri mamlakatning g‘arbiy qismida sodir bo‘lgan eng kuchli zilzilaga aylandi. Meteorologiya byurosi kelgusi kunlar va haftalarda yana kuchliroq silkinishlar bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. 

Seshanba kuni davomida mahalliy rasmiylar halok bo‘lganlar sonini deyarli har soatiga ko‘paytirib bordi. Bu raqam deyarli 50 kishiga yetdi. Birgina Vadzima munitsipal kasalxonasida yetti nafar bemor noaniq sharoitda vafot etgan. Zilziladan ko‘p o‘tmay, qirg‘oq bo‘yidagi shaharda katta yong‘in sodir bo‘lib, bir kechada bozor maydoni atrofidagi 200 dan ortiq turar joy va tijorat binolarini yo‘q qilgan.

Foto: The Yomiuri Shimbun/AP/picture alliance