Kun.uz muxbiri “Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilchilar Shavkat Ikromov va Kamoliddin Rabbimovdan Turkiya va Saudiya Arabistoni munosabatlari qanday shakllangani haqida so‘radi.

— Bir necha kun avval Turkiyaning ikki klubi o‘rtasidagi futbol uchrashuvi bekor bo‘lishiga siyosiy sabab ko‘rsatildi. Saudiya Arabistoni nima uchun Otaturkka va G‘azoni qo‘llovchi bannerlarga nisbatan toqatsizlik qildi?

Shavkat Ikromov: — Aslini olganda, Saudiya tomonidan bu singari taqiqlar ancha avval kiritilgan. Buni futbol musobaqasi yoki Turkiya va Saudiya munosabatlari bilan bog‘lash to‘g‘ri emas. Saudiyaning 7 oktyabrdan beri o‘tkazilayotgan tadbirlariga qaraydigan bo‘lsak, moda haftaligi, Qizil dengiz kino festivali, xalqaro biznes forum kabilar – hammasi yil boshida qanday rejalangan bo‘lsa, shunday o‘tdi, faqat bu tadbirlarga bitta qo‘shimcha cheklov kiritildi: HAMAS harakatini qo‘llovchi shior-belgilar bo‘lmasligi kerak. Haj va Umra ibodatlari, masjidlarda Falastin masalasini ko‘tarish ham mumkin emasdi.

Bu yerda Turkiya va Saudiya munosabatlariga emas, Saudiya va HAMAS munosabatlariga e’tibor qaratish kerak. HAMASdek nisbatan kichik guruh Saudiyadek katta davlatning ko‘pgina loyihalarini, yutuqlarini yo‘qqa chiqaryapti. Masalan, mintaqaviy xavfsizlik katta so‘roq ostida, Saudiya esa ko‘p yillardan beri mintaqaviy xavfsizlik uchun harakat qilayotgan, Isroil va Eron bilan aloqalarni barqarorlashtirish yo‘lidan borayotgan edi. Turizm sohasida katta loyihalari bor edi. Bularning barchasi hozircha xavf ostiga tushib turibdi, shuning uchun Saudiya hukumati HAMASga nisbatan salbiy munosabatda bo‘lmoqda. Aytganimdek, bu masalani Turkiya va Saudiya munosabatlari doirasida muhokama qilish kerak emas.

Kamoliddin Rabbimov: — Bu yerda baribir siyosiy elementlar mavjud, menimcha. Bu konfliktda asosiy bir nechta yondashuv (kontekst) mavjud, deb o‘ylayman. Birinchisi, tarixiy kontekst, ya’ni Saudiylar sulolasi ikki marta hokimiyatga kelishida Usmonli turklar bilan kurashgan va ularning bosimi ostida bo‘lgan.

Ikkinchisi, geosiyosiy kontekst. Mintaqada 3 ta yirik musulmon davlati bor: Turkiya, Saudiya va Eron, ular dunyoga o‘z geosiyosiy mafkurasini taqdim etadi. Bu borada Eronning imkoniyatlari cheklangan, asosiy omil ularning shia ekani, chunki musulmon dunyosida 88-90 foiz odam sunniylikda. Hozir Saudiya va Turkiya yarashishga harakat qilyapti. Arab bahoridan keyin arab davlatlari Qatarni blokada qilganida Turkiya Qatarni saqlab qoldi, harbiy bazasini ham joylashtirdi. Istanbuldagi Saudiya konsulxonasida Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi fonida Saudiya va Turkiya munosabatlari haddan tashqari salbiylashdi.