O‘zbekiston | 16:03 / 22.01.2024
6590
2 daqiqa o‘qiladi

2027-2029 yillarda O‘zbekiston Qo‘shilmaslik harakatiga raislik qiladi

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahrom A’loyev boshchiligidagi delegatsiya 19-20 yanvar kunlari Uganda poytaxti Kampala shahrida bo‘lib o‘tgan Qo‘shilmaslik harakatining 19-sammitida ishtirok etdi.

Foto: TIV

TIV ma’lumotiga ko‘ra, tadbirda 100 dan ortiq davlat delegatsiyalari, jumladan, davlat, hukumat, tashqi ishlar idoralari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari ishtirok etdi.

Uchrashuvda xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi, shuningdek, global miqyosda tinchlik va barqarorlik hamda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlashda Qo‘shilmaslik harakatning mavjud salohiyatidan foydalanish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi 2027-2029 yillarda Qo‘shilmaslik harakati raisligiga O‘zbekiston nomzodini qo‘llab-quvvatlagani uchun harakatning barcha a’zolariga minnatdorlik bildirib, ishtirokchilarni O‘zbekistonda jamiyatning barcha sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli va jadal islohotlarning asosiy yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi.

Transport-logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, iqtisodiy va moliyaviy tizimlarni takomillashtirish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va atrof-muhitni muhofaza qilish muhimligiga alohida e’tibor qaratildi. Ilm-fan va innovatsion texnologiyalar sohasida o‘zaro hamkorlik va tajriba almashishni kuchaytirish, yosh avlodni qo‘llab-quvvatlash zarurligi qayd etildi.

Mavzuga oid