Iqtisodiyot boʻyicha Nobel mukofoti sohibi Daron Ajemoʻgʻlu sunʼiy intellektning rivojlanishi hozirgi surʼatlarda davom etishi va oʻta yuqori intellektning yaratilishi yaqin oʻn yil ichida mehnat bozori yoʻqolib ketishiga olib kelishi haqida ogohlantirdi.
Ajemoʻgʻluning soʻzlariga koʻra, sunʼiy intellekt sanoatining pirovard maqsadi imkoniyatlari insonnikidan ustun boʻlgan oʻta yuqori intellekt yaratishdan iborat. Uning taʼkidlashicha, insoniyat bunday texnologiyaga yaqinlashgan taqdirda, nafaqat ishchi kuchi, balki demokratiya ham yoʻq boʻlib ketishi mumkin.
«Agar biz bunday oʻta yuqori intellektga hatto yaqinlashsak ham mehnat bozori qolmaydi - faqat ishchilar, tor ixtisoslikdagi muhandislar yoki tadbirkorlar qoladi... Bu tahdid bugun yoki ertaga paydo boʻlmaydi, ammo yaqin oʻn yil ichida yuzaga kelishi mumkin», - dedi u.
Ajemoʻgʻlu sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish yoʻnalishini tubdan oʻzgartirib, ularni xodimlar ehtiyojlariga moslashtirishga chaqirdi.
Daron Ajemoʻgʻlu turk-amerikalik iqtisodchi boʻlib, Massachusets texnologiya instituti professori, Kanadadagi Ilgʻor tadqiqotlar institutining iqtisodiy oʻsish dasturi aʼzosi, Amerika Sanʼat va fanlar akademiyasi, AQSH Milliy fanlar akademiyasi hamda Turkiya Fanlar akademiyasi aʼzosi hisoblanadi.
Ajemoʻgʻlu 2024-yilda Saymon Jonson va Jeyms Robinson bilan birgalikda «institutlarning qanday shakllanishi va farovonlikka qanday taʼsir koʻrsatishini tadqiq etgani uchun» iqtisodiyot boʻyicha Nobel mukofotiga sazovor boʻlgan.















