O‘zbekiston | 16:51 / 07.02.2024
6141
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent metrosining 2 ta yangi bekati qachon ochiladi? - mas’ullar aniq javob bermayapti

Quruvchilar dahasidan Sergeli mavzesigacha qurilgan “Turon” va “Qipchoq” metro bekatlari salkam 2 oydan beri sinov jarayonida. Metro qurilishiga mas’ul “O‘zbekiston temiryo‘llari” tegishli ishlar yakunlanganini, bekatlar ochilishi Transport vazirligi zimmasida qolganini aytdi.

2023 yilning 15 dekabr sanasida Toshkent metrosining 2 ta yo‘lini bog‘lash maqsadida Quruvchilar dahasidan Sergeli mavzesigacha qurilgan “Turon” hamda “Qipchoq” bekatlari poyezd harakati sinov tariqasida yo‘lovchilarsiz ishga tushirilgandi.

Sinovning yakuniy muddati va yangi bekatlarning yo‘lovchilar uchun qachondan xizmat ko‘rsatishi haqidagi ma’lumotlar tajriba natijalari asosida ma’lum qilinishi aytilgandi. Ammo salkam 2 oy o‘tyaptiki, bu borada hech qanday xabar berilgani yo‘q. Kun.uz bu metro bekatlarining qachon ishga tushirilishi borasidagi savol bilan 3 ta tashkilotga bog‘landi.

“Toshkent metropoliteni” matbuot xizmatiga ko‘ra, bu bo‘yicha to‘liq ma’lumot metro qurilishiga bevosita mas’ul “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJda bo‘ladi. “Metro asosan ekspluatatsiyaga javob beradi, ular topshirgandan keyin biz ishlatamiz”, – dedi DUK matbuot kotibi To‘ychi Mirzayev.

“O‘zbekiston temiryo‘llari” matbuot kotibi Alisher Boltaboyevning aytishicha, ayni shu metro bekatlaridagi barcha qurilish ishlari yakunlangan. “[Ularni] Transport vazirligi ochib berishi kerak ekan, kutib o‘tiribmiz”, – dedi Boltaboyev.

Transport vazirligi matbuot xizmati rahbari Navro‘z Ashurmatov esa “Turon” va “Qipchoq” metro bekatlari foydalanishga topshirilishidan avval rasmiy xabar e’lon qilinishini aytdi. Hozirda sinov jarayoni qaysi bosqichda ekani, dastlabki xulosalar va bekatlar qachon aholiga topshirilishi haqida ma’lumot ochiqlanmadi.

Eslatib o‘tamiz, Qo‘yliqdan Sergeligacha bo‘lgan yerusti halqa yo‘li jami 7 ta metro bekatini o‘z ichiga olgan. Uning qurilishi 2020 yilning dekabr oyidan boshlangan. 2023 yil aprel oyida bekatlarning 5 tasi aholiga foydalanishga topshirilgandi.

Mavzuga oid