Ukrainada urushning 717-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:

  • The Economist Zalujniy Ukraina QK bosh qo‘mondonligidan iste’foga chiqarilishini «urushning yangi bosqichi» deb atadi.
  • Ukraina milliy xavfsizlik xizmati rahbari Oleksiy Danilov Belgorod yaqinida qulagan Il-76 samolyotida ukrainalik harbiy asirlar bo‘lmaganini aytdi.
  • Xarkivda RF dronlari hujumi oqibatida yetti kishi halok bo‘ldi, shundan uch nafari bolalar. Odessa oblastiga hujum oqibatida to‘rt kishi yaralangan.
  • The New York Times nashri yozishicha, yangi yetkazmalar bo‘lmasa, Ukrainada havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun snaryadlar mart oyiga qadar tugaydi.
  • Zelenskiy general-mayor Anatoliy Bargilevichni Ukraina QK bosh shtabi boshlig‘i etib tayinladi.
  • «Moskva» kreyserida halok bo‘lgan matrosning otasi aytishicha, Tergov qo‘mitasi kreyser cho‘kib ketishi bo‘yicha jinoiy ishni yopgan.
  • Yekaterinburgda harbiy memorialga gul qo‘yish aksiyasiga kelgan besh kishi ushlandi. Moskvadagi aksiyada esa ikki jurnalist qo‘lga olingan.

Kiyevda Valeriy Zalujniy iste’fosiga qarshi namoyish

8 fevral kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina QK bosh qo‘mondoni, Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan buyon ukrain armiyasini boshqarib kelgan Valeriy Zalujniyni iste’foga chiqardi. Zelenskiy iste’fo sababini ochiqlamagan — shunchaki ukrain armiyasida «shoshilinch o‘zgartirishlar» talab etilganini aytgan. Zalujniy o‘rniga quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy tayinlandi. Zelenskiy uni «ukrainlarning eng tajribali qo‘mondoni» deb atagan. 9 fevral kuni Zelenskiy Zalujniyni Ukraina Qahramoni unvoni bilan taqdirladi.

Prezidentning bosh qo‘mondonni iste’foga chiqarish qarori barcha ukrainlar tomonidan ham ma’qullanmagan. «Meduza»ning Ukraina qurolli kuchlaridagi manbalari Zalujniy iste’fosiga juda salbiy munosabat bildirishgan.

Zalujniy va Sirskiyning qurolli kuchlardagi islohotlarga yondashuv va harbiy harakatlarni qanday olib borish bo‘yicha yondashuvlaridagi farq oxirigacha aniq emas: ularning ikkisi ham urushning so‘nggi yili davomidagi chiqishlarida taxminan bir xil gaplarni takrorlagan. 

Mustaqillik maydoni, Kiyev. Namoyishchilar «Ukraina — eto narod! Vernite Zalujnogo» va «Uvolneniye reytinga ne pribavit» yozuvlari tushirilgan plakatlarni ko‘tarib chiqishgan