Qamoqxonadan chiqqan shubhali kolonna

Navalniy vafotining ertasiga mustaqil rus nashrlari u vafot etgan Xarp qishlog‘idagi qamoqxonada noodatiy kortej harakati aks etgan videolarni e’lon qildi.

«Mediazona» nashri e’lon qilgan video tunda olingan. Unda bitta yengil va bitta «Buxanka» (undan aynan jasadlarni tashishda foydalanish mumkin) oldi va orqa tomonida YPX mashinasi hamrohligida harakatlangani ko‘rinadi. Jurnalistlar kadrda ko‘ringan trassa Salexarddan qamoqxona joylashgan Xarp qishlog‘iga boradigan yagona yo‘l ekaniga e’tibor qaratgan.

Mashinalar Labitnangidan Salexardga qarab harakatlangan. Ikkinchi kamera Salexardda ham xuddi shu 4 mashina birgalikda kolonna bo‘lib harakatlanganini tasvirga olgan. Bu shaharda esa Navalniy vafot etgan qamoqxonaga eng yaqin bo‘lgan o‘likxona joylashgan. «Mediazona» jurnalistlari 17 fevralga o‘tar kechasi tasvirga tushib qolgan ushbu mashinalar aynan Navalniyning jasadini Salexarddagi o‘likxonaga olib ketganiga shubha qilmagan.

«Kortej 17 fevralga o‘tar kechasi, Navalniyning advokati va onasi qamoqxonaga borishidan avval kadrga tushgan», deyiladi xabarda. 17 fevral tongda chindan Rossiya muxolifati yetakchisining onasi Lyudmila Navalnaya olis Sibirdagi qamoqxonaga yetib borgan. Unga o‘g‘lining jasadini ko‘rsatishmagan, uni dafn etish uchun ham berishmagan, faqat o‘lim haqida guvohnomani tutqazishgan, xolos.

Navalniy 2023 yil dekabrdan buyon saqlangan Xarpdagi qamoqxona
Reuters / Scanpix / LETA

«O‘g‘limni odamday dafn qilishimga qo‘ying»

Aleksey Navalniyning onasi Lyudmila Navalnaya farzandining jasadini beraverishmagach, 20 fevral kuni Rossiya prezidenti Putinga murojaat qilib, o‘g‘lining jasadini berishlarini so‘radi.

«Beshinchi kunki o‘g‘limni ko‘ra olmayapman, uning jasadini berishmayapti. U qayerda ekanini ham aytishgani yo‘q. Vladimir Putin, men sizga murojaat qilmoqchiman: barchasi sizning qaroringizga bog‘liq, o‘g‘limni ko‘rishga bering axir. Uni odamday dafn etishim uchun tezda jasadini berishlarini talab qilaman», degan muxolifatchining onasi.

Lyudmila Navalnaya o‘g‘lining jasadini berishmayotgani sabab sudga murojaat qilgandi. Salexard shahar sudiga ko‘ra, ushbu ariza bo‘yicha ish 4 mart kuni ko‘rib chiqiladi. Sud majlisi yopiq tarzda o‘tkaziladi. 15 mart kuni esa Rossiyada prezidentlik saylovi o‘tkaziladi.