O‘zbekiston | 15:44 / 01.03.2024
4172
2 daqiqa o‘qiladi

Fuqarolik va Soliq kodekslariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi

Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan ayrim qonun hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. 

Fuqarolik kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, jismoniy shaxs pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlarning talablarini to‘la hajmda qanoatlantirishga yoki soliqlar hamda yig‘imlar bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga qodir bo‘lmasa, sud tomonidan to‘lovga qobiliyatsiz deb topilishi mumkin.

Soliq kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha sud sanatsiyasi yoki tashqi boshqaruv jarayonida yuzaga keladigan barcha turdagi joriy soliq to‘lovlarini to‘lash, sud ajrimi asosida joriy etilgan sud sanatsiyasi yoki tashqi boshqaruv tartib-taomilining muddatida to‘xtatib turiladi. Bundan mehnat shartnomalari (kontraktlari) va fuqarolik-huquqiy xususiyatdagi shartnomalar bo‘yicha olingan daromadlar solig‘i, shuningdek ijtimoiy soliq mustasno.

Bu holda sud sanatsiya qiluvchi boshqaruvchining yoki tashqi boshqaruvchi hisobotini tasdiqlagan va to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida ish yuritishni tugatish haqida ajrim chiqargan sanadan e’tiboran mazkur soliq qarzlari 6 oy ichida teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lanadi.

Bankrot deb topilgan qarzdor yuridik va jismoniy shaxslarning yoki yakka tartibdagi tadbirkor mol-mulkini sotishdan tushgan mablag‘lari qarzni to‘lashga yo‘naltirilgan qismi daromad sifatida hisobga olinmasligi belgilandi.

“Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, sud boshqaruvchisi to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ish jarayonida o‘z huquq va majburiyatlarini amalga oshirishi uchun da’vo arizalar hamda boshqa arizalar bilan davlat bojini to‘lamasdan sudga murojaat qilishi mumkin bo‘ldi.

Mavzuga oid