— Avvaliga Dnestrbo‘yi bilan bog‘liq mojaro tarixiga to‘xtalsak.

Jahongir Akramov: — Dnestrbo‘yi tarixi Rossiyaning Usmonli turklar bilan munosabatlari tarixiga borib taqaladi. Bu yerlarda oldindan bir nechta xalqlar aralashib yashagan, rumin xalqlari, Valaxiya knyazligi bo‘lgan, turkiy qipchoq va bijanaklar bo‘lgan. Rus-turk urushi natijasida 19-asrdan boshlab Bessarabiya knyazligi Rossiya tarkibiga o‘tadi va shu davrda Rossiya bu hududda ichki aholi tarkibini ruslashtirish uchun Rossiya ichkarisidan rus va boshqa millatlarni ko‘chirib o‘tkazadi. Birinchi jahon urushida Rossiyaning og‘ir ahvolidan foydalangan Ruminiya Bessarabiyaning katta qismini o‘ziga qo‘shib oladi. 1924 yilda Bessarabiyada Moldova sovet respublikasi tuzish ilgari suriladi, bundan maqsad Rossiya imperiyasining oldingi hududlarini qaytarish edi. 1940 yilda G‘arbiy Yevropa urush bilan band bo‘lib turganda Rossiya Ruminiyadan Bessarabiyani qaytarishni talab qiladi va hududni qaytib oladi. Bu hududda Moldova sovet respublikasi tashkil etiladi.

Moldovan millati degan tushuncha nisbiy, chunki ular ruminlar bilan deyarli bitta millat. Ruminlardan ajratish siyosati bilan yozuvini kirill yozuviga o‘tkazgan SSSR hukumat. 1985 yildan keyingi qayta qurishda Moldaviyada rumin tilini qayta tiklash masalalari ko‘tariladi va Rossiya tomondan, boshqa joylardan ko‘chib kelgan Dnestrbo‘yi aholisi bundan xavotirlandi, huquqlarimiz poymol bo‘ladi deb o‘ylashdi va bu millatchilik kurashiga olib keldi.

Kamoliddin Rabbimov: — Gorbachyov hokimiyatga kelgach, qayta qurish boshlandi, bu esa Sovet ittifoqida muzlab yotgan muammolar erishiga, milliy davlatlardagi bahsli hududlar, separatizmga moyil hududlarda konfliktlar boshlanishiga yo‘l ochadi. Sovet ittifoqidagi eng kichik respublikalardan biri Moldova edi. Moldova tashkil topayotganda Ukrainaning ma’lum bir qismi qo‘shib berilgan. 80 yillar oxiri, 90 yillar boshida Dnestr daryosi bo‘yidagi hududlarda nega biz Moldova tarkibida qolishimiz kerak, degan separatizm tendensiyasi boshlanadi. Dunyodagi separatizm asosida muhim o‘zlik turadi: diniy boshqacha qarash, til bilan ajralib turish, etnik ajralib turish kabi omillar. Lekin Dnestrbo‘yida moldovanlar, ruslar va ukrainlar bor, lekin siyosiy elita ko‘proq Moskvaga siyosiy yo‘nalish olgan.

1992 yildan boshlab bu yerda kattagina urush bo‘ladi. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, yuzlab-minglab odamlar halok bo‘lgan. Moldovaga qo‘shilmagan o‘sha davrdan o‘zi Moldovaning aholisi ham 2,5 mlndan oshiq, ko‘p emas. Maydoni esa juda kichkina, 33 ming 846 km/kv , O‘zbekistondan taxminan 15 barobar kichik. Dnestrbo‘yi esa oxirgi vaqtlarda Moldovaga, YeI, Ruminiyaga va Ukrainaga ta’sir qilish vositasi bo‘lib qolgan.