O‘zbekiston | 14:16 / 23.03.2024
12155
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent ham qayg‘uda. Rossiya elchixonasiga ta’ziya gullari olib kelinmoqda

Foto: Pul N3 / Telegram

Rossiyaning Toshkentdagi elchixonasiga Moskvadagi terakt qurbonlari xotirasi uchun gullar olib kelinmoqda. Elchixona oldiga odamlarning ta’ziya gullari olib kelishi yarim kechadan boshlangan.

“Shu soatlarda qurbonlar va jabrlanuvchilarning oilalari va yaqinlariga hamdardlik bildirish uchun elchixonaga kelgan va kelishda davom etayotgan barcha o‘zbekistonliklarga minnatdorchilik bildiramiz”, – deya qayd etdi elchixona.

Foto: Rossiyaning Toshkentdagi elchixonasi

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Moskva yaqinidagi “Krokus siti holl” majmuasida ro‘y bergan terakt oqibatida halok bo‘lganlar soni 93 nafarga yetgan. Ulardan kamida 3 nafari – bolalar.

Yana yuzdan ortiq kishi jarohatlangan. Moskvaliklar Gavrilov nomidagi qon markaziga borib, ularga donor bo‘lish uchun qon topshirmoqda. Markazda ixtiyoriy donorlar navbati yuzaga kelgan. RF Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, bu yerda qon qabul qilish boshlanganidan keyin bir soat ichida 600 dan ortiq donor qon topshirgan.

Moskva meri Sergey Sobyanin terakt jabrlanganlariga 500 mingdan 3 mln rublgacha kompensatsiya berilishini ma’lum qildi.

“Moskva moskvaliklar va norezidentlarga moliyaviy ko‘mak beradi. Moskva viloyati hokimiyati hududning jabrlangan aholisiga moliyaviy yordam ko‘rsatadi. Biz viloyat rasmiylari bilan birgalikda terakt qurbonlarining dafn marosimi o‘z zimmamizga olamiz”, – degan Moskva meri Sergey Sobyanin.

Avvalroq Federal xavfsizlik xizmati terakt ishi bo‘yicha 11 kishi qo‘lga olinganini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid