O‘zbekiston | 15:33 / 12.04.2024
10221
9 daqiqa o‘qiladi

Maktablarda davomat pasayishi nima bilan bog‘liq? – MHTI tahlillarini e’lon qildi

Tahlillar O‘zbekistonda bolalarning maktabga borishiga ularning betob bo‘lib qolishi, ota-onasiga yordam berishi, repetitorga borishi kabi holatlar to‘sqinlik qilganini ko‘rsatdi. Vaziyatni o‘nglashda pedagoglar malakasini oshirish, maktab infratuzilmasini yaxshilash hamda ota-onalarning farzand ta’limidagi ishtirokini oshirish kerakligi muhim tavsiyalardan biri sifatida ko‘rsatilmoqda. 

Foto: Denis Abramov

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti O‘zbekistondagi umumta’lim maktablarida davomat bilan bog‘liq holatni o‘rgandi hamda o‘z tahlillarini e’lon qildi

Dars qoldirish ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi 

Dastlab institut yaqinda e’lon qilingan PISA (Programme for International Student Assessment), ya’ni o‘quvchilarning ta’limdagi yutuqlarini baholash bo‘yicha xalqaro dastur natijalariga e’tibor qaratgan. Unga ko‘ra, darslarga uzoq muddat qatnashmaslik ta’lim sifatiga salbiy ta’sir qiladi. 

Misol uchun, uzoq vaqt davomida dars qoldirgan boshlang‘ich sinf o‘quvchilari darslarda muntazam qatnashgan tengdoshlariga nisbatan matematikadan o‘rtacha 35 ball, o‘rta sinfdagilar (5-9-sinflar) 41 ball va yuqori sinfdagilar (10-11-sinflar) 59 ball past natija ko‘rsatgan. 

Qayd etilishicha, tahlil natijalari yuqori sinflarda davomatning past bo‘lishi o‘quvchilarning bilim darajasi pasayishiga ko‘proq ta’sir qilishini isbotlagan. 

Maktablarda davomatning pasayish tendensiyasi ketyaptimi? 

e-maktab ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda maktablardagi o‘rtacha davomat 83,6 foizni tashkil etgan, 2023 yilga kelib, 82,5 foizga tushgan. Qayd etilishicha, davomatning eng past ko‘rsatkichlari yuqori sinf, ya’ni 10-11-sinf o‘quvchilari orasida kuzatilgan, 78,4 foizni tashkil etgan. 

Institut ularning OTMga kirish uchun qo‘shimcha darslarga qatnashi buning asosiy sabablaridan biri bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. MHTI o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, 16-17 yoshli farzandi bo‘lgan ota-onalarning 87 foizi farzandi qo‘shimcha darslarga qatnashini bildirgan. 

Hududlar bo‘yicha davomatning eng past ko‘rsatkichlari 57,8 foiz bilan Toshkent shahri, 76,9 foiz bilan Jizzax, 75,8 foiz bilan Toshkent va 79,8 foiz bilan Farg‘ona viloyatlarida kuzatilmoqda. Eng yuqori ko‘rsatkichlar esa 89,1 foiz bilan Buxoro, 88,3 foiz bilan Surxondaryo va 88,2 foiz bilan Qashqadaryo viloyatlarida bo‘lgan. 

Predmetlar kesimida davomat masalasi ko‘tarilsa, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari orasida eng past ko‘rsatkichlar o‘zbek tili va matematika fanlariga to‘g‘ri keladi. O‘rta sinf o‘quvchilari orasida o‘zbek tili, informatika, adabiyot va ingliz tili fanlari, yuqori sinf o‘quvchilari orasida o‘zbek tili, informatika, algebra va ingliz tili fanlarida davomatning eng past raqamlari qayd etilgan. 

Bolalar nima sabab dars qoldiryapti? 

Mamlakatning 14 ta hududida 2 ming nafar ota-onalar ishtirokida o‘tgan so‘rovnomada o‘quvchilarning dars qoldirishidagi asosiy sabablar aytib o‘tilgan. Unga ko‘ra, respondentlarning 75,4 foizi betob bo‘lib qolish, 8,9 foizi ota-onasiga ishlarda yordam berishi, 3,1 foizi ota-onasi ishga chiqishi kerakligi, 6 yoshgacha bo‘lgan bolalarga qaraydigan boshqa odam yo‘qligi, 1,7 foizi xususiy o‘qituvchi/repetitor bilan o‘qishi, 1,1 foizi maktabga borishi uchun qo‘shimcha xarajatlarga mablag‘ yetishmasligi vajlari tufayli farzandi dars qoldirishini ma’lum qilgan. So‘rovda qatnashgan ota-onalarning 8,5 foizi esa farzandi nima sababdan dars qoldirganini bilmasligini bildirgan. 

Ota-onalarning 76,9 foizi farzandi so‘nggi bir oy davomida umuman dars qoldirmaganini bildirgan, 15,6 foizi esa 1-2 kun, 7,4 foizi 3-4 kun dars qoldirganini aytgan. 

PISA ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda darslarni ketma-ket uch oy qoldirgan o‘quvchilar ulushi 18,5 foizni tashkil etgan, PISAʼda ishtirok etgan mamlakatlar orasidagi o‘rtacha ko‘rsatkich 10,3 foizni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich o‘g‘il bolalar orasida ko‘proq qizlarga nisbatan. 

Buning asosiy sabablari sifatida esa betob bo‘lib qolish (56,5 foiz), oila a’zosiga g‘amxo‘rlik qilish (22,7 foiz), oilaviy ishlarda yordam berish (17,6 foiz), maktabda o‘zini xavfsiz his qilmaslik (17,4 foiz), zerikish (17,4 foiz), uyga pul olib kelish uchun ish topish kerakligi (13,2 foiz), transport muammosi tufayli maktabga bora olmaslik (10,7 foiz) va homilador bo‘lib qolish (7,1 foiz) ko‘rsatilgan. 

Xalqaro tadqiqotlarda ko‘rinib qolgan “ko‘zbo‘yamachilik” 

MHTIning ta’kidlashicha, o‘quvchilar orasida a’lo baholarga o‘qiydiganlar ulushi 52,3 foizni, to‘rtga o‘qiydiganlar 36,4 foizni, uch bahoga o‘qiydiganlar 10,3 foizni tashkil etadi. 

Hududlar kesimida a’lo baholarga o‘qiydiganlarning yuqori ulushi Andijon (59,4 foiz) va Navoiy (57,4 foiz) viloyatlarida kuzatilgan. Eng past baholarga o‘qiydigan o‘quvchilar ulushi esa Toshkent shahri (15,4 foiz), Farg‘ona (12,8 foiz), Sirdaryo (12,5 foiz) va Xorazm (12,4 foiz) viloyatlarida qayd etilgan. 

Institut o‘quvchilarning o‘zlashtirishi qiyin bo‘layotgan predmetlari matematika, texnologiya, o‘qish, chet tili, tabiiy fanlar va tasviriy san’at ekanini, eng osonlari esa musiqa, jismoniy tarbiya, chizmachilik bo‘lganini qo‘shimcha qiladi. 

e-maktab ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda o‘zbekistonlik o‘quvchilarning 88,7 foizi a’lo va yaxshi baholarga o‘qiydi, lekin Xalqaro baholash testlari natijasi buning aksini ko‘rsatgan. 2021 yilda o‘tkazilgan xalqaro PIRLS testida mahalliy o‘quvchilar dunyodagi o‘rtacha 500 ko‘rsatkichidan past natija, 437 olgan. 

2022 yilda maktablarda 15 yoshli o‘quvchilar bilimini baholash bo‘yicha xalqaro dastur – PISA testlari natijasiga ko‘ra, o‘quvchilarimiz 81 ta mamlakat orasida matematika bo‘yicha 72-o‘rinni, tabiiy fanlar va o‘qish savodxonligi yo‘nalishlarida eng oxiridan bitta oldingi o‘rinni, 80-o‘rinni egallagan. 

Davomatning pastligi ta’lim sifati bilan bog‘liq 

MHTI umumta’lim maktablarida davomatni yaxshilash uchun bir qancha tavsiyalarni taklif etgan.

Unga ko‘ra: 

1.Bolalar salomatligiga e’tiborni kuchaytirish, farzandini doimiy ravishda profilaktik ko‘rikdan o‘tkazuvchi ota-onalar uchun maxsus rag‘batlantiruvchi mexanizmlarni joriy etish lozim. Meksikada “Progressa” davlat dasturi doirasida farzandlarini doimiy ravishda tibbiy profilaktik ko‘rikdan o‘tkazgan kam ta’minlangan ota-onalar uchun naqd pul ko‘rinishida nafaqa berilgan. 

2.Yuqori sinf o‘quvchilari orasida (10-11-sinf) yil davomida darslarni qoldirmagan kam ta’minlangan oilalarning farzandlari uchun maxsus jamg‘arma dasturini joriy etish kerak. Dastur doirasida darslarni qoldirmagan o‘quvchilarga muayyan miqdorda stipendiya to‘lanadi va ushbu mablag‘lar o‘quvchining bankdagi hisobraqamida saqlanadi. To‘plangan mablag‘larni oliy o‘quv yurtlari shartnomalarini to‘lashga, uy-joy sotib olishga va tadbirkorlik faoliyatini boshlashga sarflash mumkin bo‘ladi. Bu o‘z navbatida o‘qishni tashlab mehnat bozoriga chiqib ketish va erta homiladorlikning oldini olishga xizmat qiladi. 

3.Farzandi besh kun va undan ko‘p vaqt davomida sababsiz darslarni qoldirgan o‘quvchilarning ota-onalarini jarimaga tortish tizimini joriy etish. Jarima miqdorini BHMning yarmi miqdorida belgilash tavsiya etiladi. To‘plangan mablag‘ maktablarni ta’mirlash va infratuzilmasini rivojlantirishga sarflanadi. Buyuk Britaniyada farzandini sababsiz besh kun davomida maktabga yubormagan ota-onalar 80 funt sterling miqdorida jarimaga tortiladi. 

4. Yuqori sinf o‘quvchilari orasida o‘quv yuklamasini pasaytirish yo‘llarini ko‘rib chiqish kerak. 

5. Virus mavsumlarida bolalarni virusga qarshi emlashni kengaytirish kerak. 

6. Maktablarda ta’lim sifatini oshirish zarur. Buning uchun esa pedagog xodimlar malakasini oshirish, maktab infratuzilmasini yaxshilash hamda ota-onalarning farzand ta’limidagi ishtirokini oshirish kerakligi qayd etiladi. Bu borada ota-onalar majlisida sababsiz ishtirok etmaganlarni ma’muriy javobgarlikka tortish ham tavsiya qilingan. 

Qo‘shimcha qilinishicha, PISAʼda ishtirok etgan o‘qituvchilarning bor-yo‘g‘i 24,6 foizi xalqaro va unga tenglashtirilgan mahalliy sertifikatga ega. O‘zbekiston PISAʼda ishtirok etgan davlatlar orasida bu ko‘rsatkich bo‘yicha oxiridan bitta oldingi o‘rinni egallagan. 

Shuningdek, 2022 yilda 294,1 ming nafar o‘qituvchini attestatsiyadan o‘tkazish jarayonida ularning 7 foizi , ya’ni 20 ming 300 nafari o‘qituvchilik lavozimiga loyiq emasligi aniqlangan. 

Qolaversa, MHTI umumta’lim maktablarining 35,8 foizida oshxona yoki bufet, 5 foizida kutubxona, 21 foizida sport zali yo‘qligini, bor-yo‘g‘i 30 foizi kanalizatsiyaga egaligini eslatgan.

Mavzuga oid