Toshkent, O‘zbekiston – 2024 yil 15 aprel – qishloq xo‘jaligi texnikalari lizingiga ixtisoslashgan hamda keyingi yillarda salmoqli yutuqlarga erishgan “O‘zagrolizing” AJ davlat lizing kompaniyasi qishloq xo‘jaligi texnikalari lizingi bozoridagi o‘z o‘rnini mustahkamlab, faoliyatini kengaytirish ustida ish olib bormoqda.
Davlat rahbarining ko‘rsatmalaridan kelib chiqib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar faoliyatini yanada rivojlantirish va ular uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida korxona o‘z faoliyat samaradorligini va xalqaro standartlarga muvofiqligini hamda uzoq muddatli, past foizli kredit resurslarini jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan muhim tadbirlarni amalga oshirdi.
“O‘zagrolizing” AJning erishgan asosiy yutuqlari qatoriga quyidagilar kiradi:
- Xalqaro maslahatchilarni jalb qilish: 2021 yildan boshlab kompaniyaning joriy faoliyatini har tomonlama tahlil qilish, SWOT tahlillarini o‘tkazish, qolaversa, xalqaro moliya institutlari mablag‘larini jalb qilish hamda jamiyat faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan yo‘l xaritasini ishlab chiqish maqsadida xalqaro ekspertlar jalb qilindi.
- Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS)ni joriy etish: 2019 yildan boshlab “O‘zagrolizing” kompaniyasining moliyaviy ma’lumotlari shaffofligi va ishonchliligini ta’minlash maqsadida hisobotlar IFRS (MHXS) xalqaro standartlariga o‘tkazildi.
- Xalqaro auditdan o‘tkazish: 2019 yildan boshlab kompaniya korporativ boshqaruvning yuqori standartlari asosida yuritilishini ta’minlash, shuningdek, moliyaviy hisobotning xalqaro standartlarga muvofiqligini tasdiqlash maqsadida, har yili xalqaro auditdan o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.
- Ustav kapitalini ko‘paytirish: 2023 yilda kompaniya ustav kapitalini qo‘shimcha 25 million AQSh dollariga muvaffaqiyatli oshirib, o‘z kapitalini 40 million AQSh dollariga yetkazdi. Bu orqali jamiyat, xalqaro standartlar bo‘yicha umumiy qabul qilingan kapitalning yetarliligiga erishdi hamda korxona uchun xalqaro moliya tashkilotlari tomonidan sarmoyalarni jalb qilish imkoniyatlari yaratildi.
- Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik: 2023 yilda, “O‘zagrolizing” AJ Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlantirish va tadqiqotlar xalqaro markazi” (ISCAD), Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirliklari bilan faol hamkorlik qilishi natijasida lizing kompaniyalarining xalqaro moliya tashkilotlari loyihalarida ishtirokchilar qatoriga kiritilishiga muvaffaq bo‘ldi. Bu esa, O‘zbekistonda lizing faoliyatini har tomonlama rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlarni ochib berdi.
- Jahon bankidan mablag‘larni jalb qilish: 2024 yil fevral oyida, “O‘zagrolizing” AJ, Jahon bankining ijobiy xulosalarini oldi (due diligence) hamda 30 million AQSh dollari miqdorida kredit olish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Ikki oy mobaynida jamiyat tomonidan ajratilgan mablag‘dan 20 million AQSh dollari o‘zlashtirildi hamda fermerlar va klasterlar uchun zamonaviy va yuqori unumli qishloq xo‘jaligi texnikalarini xarid qilishga sarflandi.













