RF Tergov qo‘mitasi 23 aprel kuni kechqurun RF mudofaa vaziri o‘rinbosari Timur Ivanov qo‘lga olingani haqida xabar berdi. Unga nisbatan o‘ta yirik miqdordagi, ya’ni kamida bir million rubl pora olish (JK 290-modda, 6-qismi) moddasi bo‘yicha tergov olib borilmoqda. Tergov qo‘mitasi ish tafsilotlarini keltirmagan. «Tegishli tergov harakatlari olib borilmoqda», — degan TQ rasmiy vakili Svetlana Petrenko.
Ivanov aynan qachon ushlangani hozircha ma’lum emas. 23 aprel kuni kunduzi u mudofaa vazirligining Sergey Shoygu rahbarligidagi hay’at yig‘ilishida qatnashgandi, deb yozgan RBK. «Interfaks» huquq-tartibot organlariga asoslanib xabar berishicha, tergov Ivanovni hibsga olishni so‘rab sudga murojaat etgan. TASS xabariga ko‘ra, Shoyguning o‘rinbosari 15 yilga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
«112» telegram-kanali tasdiqlashicha, tezkor xodimlar Ivanovning Dog‘istondagi dala hovlisida tergov tadbirlari o‘tkazishgan. «VChK-OGPU» telegram-kanalining tasdiqlanmagan ma’lumotlariga ko‘ra, Ivanov bilan yana uch kishi qo‘lga olingan. 23 aprel kuni kechqurun «Kommersant» FXX xodimlari Ivanovni tergov qo‘mitasi markaziy apparati tergovchilari olib ketishganini xabar qildi. Tunni Ivanov vaqtincha saqlash izolyatorida o‘tkazgan.
RF prezidenti Vladimir Putinga mudofaa vaziri o‘rinbosari qo‘lga olingani to‘g‘risida xabar yetkazildi, degan jurnalistlarga prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov. «Shuningdek mudofaa vaziri Sergey Shoygu ham oldindan xabardor qilingan», — degan Peskov. RF mudofaa vazirligi hozircha bu hodisa yuzasidan munosabat bildirmadi.
Timur Ivanov — Sergey Shoygu jamoasidagi odamlardan bo‘lgan. Ivanov mudofaa vaziri o‘rinbosari lavozimida 2016 yildan buyon ishlab kelayotgandi, undan oldin uch yil mobaynida mudofaa vazirligiga qarashli «Oboronstroy» kompaniyasini boshqargan, shuningdek Shoygu Moskva oblastiiga rahbarlik qilganida region hokimiyatida ishlagan. Ivanov mudofaa vaziri o‘rinbosari lavozimida vazirlik obektlari hamda harbiy ipoteka obektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash ishlarini nazorat qilgan, shuningdek RF qurolli kuchlari uchun uy-joy va tibbiy yordamni tashkil etish, mulkni boshqarish va qo‘shinlarni joylashtirishga ma’sul bo‘lgan.
Ivanov barcha yirik harbiy qurilishlarga rahbarlik qilgan, jumladan Rossiya qurolli kuchlarining bosh ibodatxonasi, Moskva yaqinidagi «Patriot» bog‘i, Kamchatkadagi suvosti kemalari bazalari va «Vostochniy» kosmodromi uning rahbarligida qurilgan. Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinidan keyin u okkupatsiya qilingan Mariupolni tiklash bo‘yicha loyihalarga javobgar bo‘lgan, deb yozadi Mixail Xodorkovskiyning «Dose» proyekti.
















