Italiya va Germaniyada chempion nomi aniq bo‘ldi, Fransiya va Ispaniyada ham bu yaqin turlarda hal bo‘ladi. Ammo ushbu ligalarda ham kamida Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurash davom etmoqda. Angliyada esa katta ehtimol bilan «Siti» va «Arsenal», balki «Liverpul» ishtirokidagi sirtqi kurashning guvohi bo‘lamiz. Mana shu kurashning ilk tomoshasi shu turdan boshlanadi – davraga «Tottenhem» qo‘shilmoqda. Jamoa qatorasiga har bir da’vogar bilan o‘ynab chiqadi. «Tottenhem» sovrin yutmasligi mumkin, ammo katta ehtimol bilan chempionni aniqlab berishi mumkin. Quyida ushbu haftadagi asosiy uchrashuvlar haqida batafsil to‘xtalganmiz.

ASTON VILLA – CheLSI (27 aprel, 23:55)

Birinchi davrada «Aston Villa» Londonda g‘alaba qozonganida, bu bir sensatsiya sifatida baholangandi. Ammo keyin ma’lum bo‘lishicha, bugungi o‘yinda ham Emeri shogirdlari favorit, zero jamoa Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun «Tottenhem» bilan kurashmoqda. Hozirgi vaziyat tenglik, faqat taqvim e’tibori bilan «Aston Villa»ning imkoniyati yuqoriroq baholanmoqda.

Taqvim oson deyish mumkin, lekin agar raqiblarga qaralsa, «Chelsi»dan keyin «Brayton»ga safar – birinchi o‘yinda 6:1 hisobida birminhemliklar g‘alaba qozonganini e’tiborga olsak, oson bo‘lmaydi, keyin «Liverpul»ga qarshi o‘yin. Oxirgi turda «Kristal Pelas» maydoniga safar. «Pelas» oxirgi turlarda ancha kuchli o‘yin namoyish etayotgani, «Nyukasl» va «Liverpul» tiz cho‘ktirilganini inobatga olsak, bu o‘yin ham oson bo‘lmaydi. Demak, «Villa» qolgan 4 turda ochko olishi oson bo‘lmaydi. «Tottenhem»da esa «Byornli» va «Sheffild»ga qarshi o‘yinlar bor. Emeri shogirdlari o‘z o‘rnini saqlab qolish uchun «Chelsi»ni yutishi shart. Aks holda so‘nggi turlarda yana qo‘shimcha bosim hisobiga yanada qiyinlashib ketadi. Shuningdek, «Tottenhem»dan farqli ravishda «Aston Villa»da bu tarzdagi kurashlarda yetarlicha tajriba yo‘qligini, buning ustiga, jamoa Konferensiyalar kubogida kurashni davom ettirayotganini ham inobatga olish lozim.

Foto: Getty Images

Turnir qanday tugashidan qat’i nazar, «Aston Villa» uchun mavsumni muvaffaqiyatli yakunlanganini tan olish kerak. Qaysi o‘rinni olsa ham, Emeri uchun bu natija juda yaxshi hisoblanadi. «Chelsi» uchun esa aksincha, jamoa sarflanilgan pul va daraja e’tibori bilan eng yomon mavsumlaridan biriga aylanib bo‘ldi. Vaziyatni qutqarib qolish va hech bo‘lmasa, kelasi mavsum uchun umid taqdim etish uchun ham «Chelsi» so‘nggi turlarda bor imkoniyatini namoyish qilishi va Yevropa Ligasiga ilinish uchun harakat qilishi kerak. O‘tgan turda «Arsenal»dan qabul qilingan og‘riqli (0:5) mag‘lubiyat uchun ham «Chelsi» muxlislaridan qarzdor.