Biologik faol qo‘shimchalar dori emas

Biologik faol qo‘shimchalar minerallar, vitaminlar, ozuqaviy tolalar, o‘simlik ekstraktlari, to‘yinmagan yog‘li kislotalar, aminokislotalar va boshqalarni o‘z ichiga olgan tabiiy komplekslardir. Ular ovqatlanishdagi kamchiliklarni bartaraf etib, sog‘lom moddalar o‘zlashtirilishini kuchaytiradi va tananing ichki quvvatini yaxshilab, ko‘plab kasalliklar xavfini kamaytiradi. Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi mutaxassislari BFQda farmakologik va nojo‘ya ta’sirning yo‘qligi va ular dori vositasi hisoblanmasligini ma’lum qilgan.

Nutritsiolog Guli Shayxovaga ko‘ra, ekologiya yomonlashib borayotgan paytda butun dunyoda BFQlarga ehtiyoj tobora ortyapti. “Ovqat bilan birga iste’mol qilinadigan biologik faol moddalar ma’lum bir maqsad bilan iste’mol qilinadi. Masalan, organizmda mikroelementlar, nutiyentlar, mineral moddalar, oqsillar bilan bog‘liq tanqislik holatlari bo‘ladi. Mana shu tanqislikni yo‘qotish uchun biologik faol moddalar iste’mol qilinadi”, – dedi mutaxassis.

BFQ zararsizmi?

Guli Shayxova aholiga biologik faol moddalarni iste’mol qilishga taqiq qo‘yilmagani, ekologik holatning yomonlashuvi, ovqatlanishning buzilishi sabab yuzaga keladigan turli xil alimentar kasalliklarning (ovqat yoki ovqat bilan bog‘liq kasalliklar) oldini olishda BFQdan foydalanish mumkinligini aytadi.

“Mineral moddalar yetishmasligi natijasida alimentar kasalliklar kelib chiqadi: kamqonlik, yod tanqisligi, semizlik holatlari, suyaklar mo‘rt bo‘lib qolishi, kattalarda osteoporoz, osteomalyatsiya kasalliklari. Bularning hammasi oziq-ovqat moddalari bilan, nutriyentlar bilan bog‘liq”, – deydi u.

Shifokor, shuningdek, har bir BFQ iste’molidan oldin uning tarkibi, qayerda ishlab chiqarilganiga alohida e’tibor qaratish kerakligini ta’kidladi. “Har bir inson biologik faol qo‘shimchani iste’mol qilmoqchi ekan, uning tarkibini bilishi kerak. Qaysi o‘tlardan, o‘simliklardan yoki hayvonlardan, baliq mahsulotlaridan olingan — shularni bilishi kerak. Bizda prebiotiklar bor, juda ko‘p ishlab chiqariladi, ular organizm uchun juda foydali”, – dedi Guli Shayxova.

“Shifokor bilan maslahatlashish kerak”

JSST tavsiyasiga ko‘ra, har bir inson kuniga 400 gramm vitamin va minerallari bo‘lgan xom holatdagi sabzavot va ho‘l mevalarni iste’mol qilishi kerak. Guli Shayxova JSST tavsiyasiga amal qilishga vaqt yoki kundalik yumushlar xalaqit berishi mumkinligini aytib, aynan shuning uchun ham BFQga ehtiyoj seziladi, deydi.