Prezident Shavkat Mirziyoyev 2 may kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida bir qancha uchrashuvlarni o‘tkazdi. 

Jumladan, O‘zbekiston rahbari Singapur parlamenti spikeri Sia Kian Pengni qabul qildi. Suhbatda kadrlar tayyorlash, investitsiyalar, turizm va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Oliy darajadagi kelishuvlar ustidan birgalikda samarali parlament nazoratini o‘rnatish muhimligi ta’kidlandi. 

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi, prezident administratsiyasi rahbari Oqilbek Japarovni qabul qildi. O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish, savdo, sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport va logistika sohalarida hamkorlikni kengaytirish, hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Qambarota GES-1 va «Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temir yo‘lini qurish loyihalarining amaliy jihatlariga alohida e’tibor qaratildi. Bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik doirasida ko‘p qirrali sheriklikning yangi kun tartibini shakllantirish masalalari ham muhokama qilindi. 

Shu bilan birga, Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni energetika vaziri shahzoda Abdulaziz bin Salmon Ol Saud boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuvda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikda yuksak darajaga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Mamlakatimizda energetika tarmog‘ini rivojlantirishga eng ko‘p investitsiya kiritgan ACWA Power kompaniyasi bilan samarali hamkorlik qilinayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi va boshqa yo‘nalishlarda yangi loyihalarni ilgari surish zarurligi qayd etildi. 

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari iqtisodiyot vaziri Abdulla bin Al Marriy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning qo‘shma loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va ilgari surishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Energetika, transport, logistika, qishloq xo‘jaligi, suv ta’minoti va boshqa sohalarda yirik loyihalarni tezlashtirishga alohida e’tibor qaratildi.